«YUSUF VA AHMAD»
«YUSUF VA AHMAD» —o’zbek xalq dostoni. 16-17-asrlarda Xorazmda yaratilgan. Doston dastlab og’zaki an’anada yaratilgan bo’lib, keyinchalik (18-asr) turkman shoiri Qurbonali Ma’rufiy qalamiga mansub yozma varianti yuzaga kelgan. Dostonning og’zaki variantlari xalqchil g’oyalarni o’z holicha saqlab qolganligi bilan alohida ajralib turadi. Asarda o’zbek xalqining qahramonlik, sevgisadoqat, yordiyor mehri, tinchlik uchun kurash g’oyalari ifodalangan. Doston turkman, qoraqalpoq, qozoq, uyg’ur xalqlari orasida ham mashhur. Dostonda Isfahon yurti hukmdori Bo’zo’g’lonxonning o’z jiyanlari (opasingil bolalari) Yusuf bilan Ahmadni Isfahondan haydashi, ularning Urganch shahrida panoh topishi va voyaga etishi, hiyla yo’li bilan Misr podshohi Go’zalshohga asir tushishi, 7 yillik tutqunlikdan keyin o’z yurtiga qaytishi va dushmanlaridan o’ch olishi voqealari go’zal bir badiiy yo’sinda tasvirlangan. Dostonning Xorazm varianti nemischa tarjimasi bilan birgalikda Venger olimi H.Vamberi tomonidan dastlab undan olingan parchalar holida Leypsig shahrida (1867), so’ng to’la ravishda Budapeshtda (1911) chop etilgan. 1927 yilda Fozil Yo’ldosh o’g’li va Po’lkan shoirdan Hodi Zarif yozib olgan variant esa, 1987 yilda B.Sarimsoqov tomonidan nashr etilgan. Sharqshunoslik instituti qulyozmalar fondida dostonning juda ko’p qo’lyozma nusxalari va litografik nashrlari, til va adabiyot institutining folklor arxivida esa, xalq baxshilaridan yozib olingan variantlari mavjud. Ad.:Jirmunskiy V.M.,Zarifov H., Uzbekskiy narodnsh geroicheskiy epos, M., 1947; Jumaniyozov R., Dongqozongan Doston, T., 1993. To’ra Mirzayev.