YUSUPOV QOBILJON

YUSUPOV QOBILJON (1942.25.7, Oltiariq tumani) — O’zbekiston xalq hofizi (2004). Farg’ona pedagogika institutini tugatgan (1965). Oltiariq tumani madaniyat uyida badiiy rahbar (1965— 77), musiqa rahbari (1988 yildan), Farg’ona davlat filarmoniyasida yakkaxon xonanda (1977-88). YusupovMamatbuva Hofiz, J. Sultonov, M. Uzoqovlarning ijrochilik an’analarini davomchisi bo’lib, uzoq yillar mobaynida M. Orifjonov va I. Ishoqovlar bilan hamnafaslik qilgan. Shirali, mayin, baland va keng nafas ovoz sohibi. Repertuaridan katta ashula («Dog’man», «Ohkim», «Yolg’iz», «O’zbekiston» va boshqalar), mumtoz va zamonaviy bastakorlar ashulalari («Girya», «Suvora», «Munojot», «Ayrilmasun», «Fig’onkim», «Farg’ona tong otguncha», «Namoyon qil»), Farg’ona-Toshkent maqom yo’llari («Ushshoq», «Dugohi Husayniy», «Bayot» va boshqalar) va xalq qo’shiqlari («Guldasta tuting», «Lolazor» kabi) o’rin olgan. Ijrolari gramplastinka va O’zbekiston radiosi fonotekasiga yozilgan.