ZALSBURG
ZALSBURG (nemischa Salz—tuz va burg— shahar) — Avstriyaning Markaziy qismidagi shahar. Zalsax daryosining har ikki sohilida, 1300-2000 metr balandlikda, Zalsburg soyligida joylashgan. Zalsburg yerining ma’muriy markazi. Aholisi 144,2 ming kishi (2000). Transport yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. To’qimachilik, oziq-ovqat, mashinasozlik, poligrafiya, yog’ochsozlik sanoati korxonalari mavjud. Musiqa asboblari ishlab chiqariladi; marmar qayta ishlanadi. Zalsburg o’rnida qadimda keltlar yashagan, rimliklar Zalsburgni Yuvavum deb atagan. 11—12 asrlardan Zalsburg atrofidan ko’plab tuz qazib olina boshlagan. 1805 yildan Zalsburg Avstriya, 1810 yildan Bavariya, 1815 yildan yana Avstriya tarkibida. Zalsburgda V. Motsart tug’ilgan uy, Karolina avgusta muzeyi bor. Me’moriy yodgorliklaridan eski shahar qismida (daryoning chap sohili) barokko uslubidagi sobor (1611-28), arxiepiskop qarorgohi (1120), cherkovlar va boshqalar saqlangan. Yangi zamonaviy binolar daryoning o’ng sohilida joylashgan. Festivallar uyida musiqa va teatr san’atining xalqaro festivallari bo’lib turadi. Turizm markazi. Universitet bor.