ZIGOTA

ZIGOTA (Yunoncha zigotos — birgalikda qo’shilgan) — har xil jinsli gametalarning qo’shilishi natijasida hosil bo’lgan hujayra; urug’langan tuxum. “Zigota” tushunchasini fanga nemis botanigi E. Strasburger (1844-1912) kiritgan. Zigotaning vujudga kelishi qo’sh urug’lanish bilan bog’liq. O’simliklarda chang nayi orqali murtak xaltasiga kirgan ikki spermaning biri tuxum-hujayrani, ikkinchisi esa murtak xaltasining markaziy hujayrasini urug’lantiradi. Zigotadan keyinchalik murtak, urug’langan markaziy xujayradan esa endosperm rivojlanadi. Gaploid ikki hujayra qo’shilganida Zigotada o’sha tur uchun xos bo’lgan xromosomalarning diploid to’plami (2 ya) (biri onalik, biri otalik xromosomalari to’plami) paydo bo’ladi. Ayrim o’simliklar (masalan, ba’zi suv o’tlari va zamburug’lar) va hayvonlarda (masalan, koloniyali bir hujayralilar, bo’shliqichlilar) Zigota qalin po’st bilan o’ralib noqulay sharoitni o’tkazadi. Zigota orqali avlodlar o’rtasidagi bog’lanish ta’minlanadi.