Bu davrga kelib Rus davlatini hukmron doiralari orasida o’zbek xonliklarini bosib olish harakatlari kuchaygan edi. Chunonchi, 1835 yilda Orenburg general-gubernatori V.A.Perovskiy imperator Nikolay I ga maxsus xat bilan murojaat qilib, unda Xiva xonligiga qarshi nafrat uyg’otishga qattiq urinadi. U Xiva xonlari uzoq vaqtlardan buyon dushmanchilik qilib kelayotganligini, go’yo savdo karvonlarini talayotganligini va rus asirlariga yovvoyilarcha munosabatda bo’linayotganligini ko’pirtirib ta’rifladi. Shuningdek, Xiva xonligi aholisini madaniyatsizlikda, qoloqlikda va hatto vahshiylikda aybladi. Hatto, u Bekovich-Cherkasskiyni qiynab o’ldirilganligini ham eslatib qo’ydi. Shu ravishda general Perovskiy qanday bo’lmasin imperatordan Xiva xonligiga qarshi harbiy yurishga ruxsat olish uchun hech narsadan toymadi. U o’z xatini quyidagi tarzda tugallagan: “Fransiya Jazoirni urushib olishi uchun millionlab so’mlarni sarfladi, lekin bu xarajatlarni doimiy ravishda bir necha marta ko’paytirib qoplab turadigan mamlakatga ega bo’ldi. Rossiyaning Xiva xonligini bosib olishi esa o’sha xarajatlarning o’ndan biriga ham arzimaydi. Ammo, urushib olinsa O’rta Osiyo bizni madaniyatimiz, savdo va sanoatimiz, boshqaruv tizimimiz kirishida taraqqiyotga erishib asrlar mobaynida davom etib kelayotgan zulm va azob-uqubatdan xalos bo’ladi”. Binobarin rus harbiy sarkardasi Xiva xonligini egallash katta boylik berishiga e’tiborni qaratarkan, Rossiya go’yo taraqqiyparvarlik vazifasini bajarishini pisanda qiladi. Bu siyosat uchun yozilgan gap edi, albatta.

1837 yilda rus imperatori Nikolay I (1825-1855) Xiva xonligini bosib olish haqida V.A.Perovskiyga farmon berdi. Shunga muvofiq bu general rus imperatoriga 4000 kishilik askar va 12 to’p ajratilishini tavsiya etdi. Yurishga sarflanadigan mablag’ni hajmi 1.689 ming qog’oz pul va 575 ming kumush so’m miqdorida bo’lishi ko’rsatildi. 1839 yilda 4250 ta askar, 18 ta to’p, 2090 kishidan iborat qo’shin jamlandi. So’ngra, o’sha yilni 14 noyabrida Xivaga qarshi yo’lga chiqildi. General Perovskiy boshchiligidagi qo’shin 19 dekabrda Emba qal’asiga o’rnashdi. Shu orada qattiq sovuq va bo’ronni turishi rus askarlarni og’ir ahvolga solib qo’ydi. Hatto ularni orasida o’lganlar ko’zga tashlandi. Tuya va otlarni boqish qiyinlashib birin-ketin o’la boshladilar. Rus qo’shinlarini kelayotganligidan xabar topgan Xiva xoni Olloqulixon ularga qarshi askarlarini yubordi. Bular yo’lda Buxoroga elchi sifatida kelayotgan ruslarni, xususan kapitan Kovalevskiyni va shtabs kapitani Grigasni asir oldilar. Ammo, asirlar qochib qutilishga erishdilar. Bu vaqtlarda general Perovskiyning qo’shinini bir guruhi oldinroq kelib “Cho’chqa ko’l” degan joyga o’rnashib olgan edilar. Bu voqea mahalliy manbada shunday ta’riflangan: – ruslar “Cho’chqa ko’lga” kelib qal’a qurishidan maqsad Xiva xonligini bosib olishga tayyorgarlik ko’rish edi. Olloqulixon bundan xabar topib Otamurod qushbegini 18 sardor va 8 ming kishi bilan o’sha joyga jo’natdi. Xiva qo’shini Xivadan chiqib Urganch, Qizilgunband degan joylar orqali qozoq yo’llariga o’tdilar. So’ngra ular “Yomon ming yilqi” degan joyga kelishganda sardorlardan biri – Muhammad yasovulboshi vafot etdi. Uning murdasi Xivaga yuborildi. Shundan keyin Xiva qo’shinlari bir necha manzil yo’l yurib “Cho’chqa ko’lga” kelishdi. So’ngra dushmanda hujum qilindi. Asirlikka olingan bir rus kishisi ko’p sonli rus qo’shinlarini erta-indin bu yerga yetib kelishini, qal’ada yarog’-aslaha ko’pligi haqida ma’lumot bergan. Shunga qaramay vatan himoyachilari ruslarga qarshi hujum boshladilar. Ammo, ob-havo aynib qattiq sovuq va bo’ronni tutishi hamda qalin qori yog’ishi jangni davom ettirishga yo’l bermadi. Jangda vatan himoyachilaridan 4 kishi halok bo’lib 5 kishi jarohatlandi. Ob-havoning yomonligi urushni davom ettirishga yo’l bermay, askarlar Xivaga qaytdilar.

Bu voqeadan so’ng “Cho’chqa ko’lga” yetib kelgan general Perovskiy va qo’shini ham qattiq sovuq va bo’ron ostida qolib odamlar birin-ketin o’la boshladilar. Ot va tuyalarni boqish ham juda qiyinlashdi. Qo’shin orasida turli kasalliklar ko’payib bordi. Ob-havoning o’ta noqulayligi va og’ir sharoit yo’lni davom ettirishga yo’l qo’ymadi. Shuning uchun general Perovskiy 1840 yil fevral oyini boshlarida qo’shinni Orenburgga qaytarishga majbur bo’ldi. Bu muvaffaqiyatsizlik katta talofat va yo’qotishga olib keldi. Chunonchi, 1054 kishi halok bo’ldi, 10000 tuya va 8000 ot yo’qotildi. Ko’p ruslar yo’llarda adashib yoki toliqishdan yura olmay xivaliklar tomonidan asirlikka olindi.

1839 yilgi harbiy yurishda davlat xazinasidan 1700 ming so’m behudaga ketdi. Bundan tashqari undan 23 ming otlar qo’shilgan 7500 aravalar bor edi. Ularni tannarxi 2 mln so’mni tashkil etgan. Shuningdek tuyalarni sotib olinishiga 1 mln so’m sarflanan. Bu yerda ko’p askarlar va boshqa kishilarning halok bo’lganligini hamda oziq-ovqatlarni, kiyim-kechaklarni saflanganligini hisobga olsak ko’rilgan ziyon nihoyatda katta bo’lganligi ko’zga tashlanadi. Shuning uchun ham rus imperatori Nikolay I general Perovskiyning qo’shinni orqaga qaytarilishi haqida raportiga: “Afsus, juda afsus, lekin na chora xudo-taloning xohishiga bo’ysunmaslikni hech iloji yo’q”, – deb imzo chekkan.

Xiva tarixchisi Muhammad Yusuf Bayoniyning ko’rsatishicha, o’sha 1840 yilda Hindistondan Haybat Sohib otlig’ degan kims Angliya hukumat inomidan elchi sifatida kelib quyidagi mazmundagi nomani xonga bergan: “Ko’p zamonlardan beri ruslar siz tarafga harakat etib viloyatingiz egallamoq niyatidadir. Ularning maqsadi Movarounnahrni, Xorazmni, Xurosonni egallab Seiston usti bilan Hindistonga o’tishdir. Rusiya bir ulug’ hukumat va podshohlikdirkim uni lashkari sanoqsiz va yarog’-aslahasi juda ko’pdir. Uning ozgina lashkariga ham qarshi turarlik kuchingiz yo’qdir. Gap shuki, yana 50 yildan keyin (ruslar) sizlarni yerlaringizga ega bo’lur. Agar viloyatingizni mudom qo’lingizda turishini va hech kimni unga tajovuz etmasligini xohlasangiz uni bizga bering. Xorazmni Angliya qo’li ostida degan so’z sizlarni xavf-xatardan xoli etadi. Bizning maqsadimiz nafsoniyatdan bo’lmay, do’stlikdadir, hamda ruslarni Hindistongacha yo’lini to’sishdi. Bizdan sizga foyda yetar asli zarar emasdir. Xohish-istagingizni yozdirib shartnoma tuzinglar, bizlar esa qabul qilamiz”.

Bunga javoban xon degan: hozir ruslar ustimizga bostirib kelganicha yo’q. 50 yilgacha kim boru, kim yo’q, biz 50 yildan keladigan ishni deb yurtimizni qo’limizdan hech kimga bermaymiz. Bizdan keyingi avlodlar nimani xohlasalar shuni qilsinlar. Bu javob elchini qoniqtirmay shunday degan: “Taklifimni qabul qilganlaringizda ko’p foyda berardi, vaqti kelib pushaymon bo’lishni foydasi yo’qdir”. Shundan keyin elchi o’z maqsadiga erisha olmay o’z yurtiga qaytgan.

Mening fikrimcha Olloqulixon uzoqni ko’ra olmaydigan davlat arbobi hisoblangan. U favquloddagi voqealarda bir-birlari harbiy va ma’naviy yordam berish xususida Angliya vakili bilan shartnoma tuzganda yaxshi bo’lishi turgaan gap edi. Bundan rus davlati biroz bo’lsa-da hayiqishi mumkin edi. Olloqulixon esa buni ahamiyatini tushunishga ojizlik qildi.

Bu vaqtda Angliyaning Hirotdagi elchixonasi a’zolaridan biri kapitan Shekspir ham kelib Hirot hokimi nomidan Olloqulixonga xat olib kelgan. Bunda Rossiya bilan aloqani yaxshilash va rus asirlarini ozod etish so’ralgan. Aftidan, Hirot hokimi Rus davlatini bostirib kirishini Afg’oniston uchun xavf tug’dirishini o’ylagan bo’lsa kerak. Shuningdek angliyalik kapitan Abbatni kelganligini ta’kidlanadi.