AFAGIYA

AFAGIYA (Yunoncha a — inkor qo’shimchasi va phagos — yeyish) — rivojlanishning ayrim davrlarida va yilning noqulay mavsumida hayvonlarning oziqlanmasligi. Afagiya hayvon tanasida zaxira oziq (asosan yog’lar) to’planganida turli davrlarda sodir bo’lishi mumkin. Masalan, digenetik so’rg’ichlilar mirasidiy lichinka, hasharotlar g’umbak davrida, o’tkinchi baliqlar (losossimonlar) jinsiy voyaga yetish va tuxum qo’yishga tayyorgarlik davrida, kunliklar, ko’pchilik kapalaklar, buloqchilar voyaga yetgan davrida oziqlanmaydi. Afagiya oldidan ko’pincha ovqat hazm qilish organlarining regressiv o’zgarishi kuzatiladi. Afagiya uyqu, karaxtlik va diapauza bilan birga boradi.