AHOLI DAROMADLARI

AHOLI DAROMADLARI – barcha aholiga tegishli pul va natural (mahsulot shaklida) tushumlar hamda ko’rsatilgan bepul xizmatlar summasi; aholining milliy daromaddagi hissasi. Aholining jami turdagi daromadlari manbai — ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqalar, mukofot, foyda, dividend, zayom va lotereya yutug’i, bank to’lagan foiz puli, ko’chmas mulkdan kelgan renta to’lovi va ijara puli, sug’urta qoplamalari va boshqalardan iborat. Bozor sharoitida Aholi daromadlarining eng katta qismi pul shakliga ega. Qishloq aholisi o’zining tomorqa xo’jaligidan ham mahsulot olib daromad ko’radi va u natural daromadga kiradi. Shuningdek, aholining yordamga muhtoj qatlamlariga bepul mahsulot beriladi va xizmatlar ko’rsatiladi (bepul ovqatlanish, kiyim-kechak, doridarmon, transport va kommunal xizmati va hokazolar); bular natural daromadlar hisoblanadi. Aholi daromadlari nominal va Real daromadlarga bo’linadi. Nominal daromad aholi muayyan pul summasi shaklida olgan daromad bo’lib, inflyasiya ta’sirida uning xarid qobiliyati pasayishi mumkin. Real daromad — pul shaklidagi daromadga amalda qanday miqdorda iste’mol buyumlari va xizmatlar xarid etish mumkinligini ko’rsatadi. Aholi jon boshiga hisoblangan Real daromad aholi turmush darajasining umumlashgan va yaxlit ko’rsatkichi hisoblanadi. Iqtisodiyotda aholi yalpi pul daromadlaridan barcha majburiy va ixtiyoriy to’lovlar (soliqlar, qarz puli, badallar) chegirib tashlangandan so’ng uning qo’liga tegadigan daromad ham muhim ahamiyatga ega. Aholi qo’liga tegadigan daromad miqdoriga soliqlar kuchli ta’sir etadi. Rivojlangan mamlakatlarda ish haqi daromadning 2/3 qismini tashkil etadi. Agar mamlakatda xususiy mulk ustivor, renta, aholi pul jamg’armasi ko’p bo’lsa, bank to’laydigan foiz puli salmoqli bo’ladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida Aholi daromadlari tarkib jihatidan mehnatdan, tadbirkorliqdan, mulkdan olingan daromadlar va transfert (nochorlarga byudjetdan beriladigan nafaqa va yordam puli) kabi daromadlardan shakllanadi. Transfertlar nobozor daromadi, qolganlari bozor daromadi hisoblanadi. Bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida O’zbekistondagi Aholi daromadlarida bozor tizimiga xos yangi daromad turlari (tadbirkorlik, mulk daromadi kabilar) ning ko’payib borishi kuzatiladi.