AHOLI MIGRATSIYASI-aholining yashash joyini o’zgartirishi bilan bog’liq ko’chishi. Aholi migratsiyasi aholining muhim muammolaridan biri bo’lib, unga kishilarning oddiy mexanik ko’chish harakati deb emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy xayotning ko’p tomonlarini qamragan murakkab ijtimoiy jarayon sifatida qaraladi. Aholi migratsiyasi aholini joylashishi, yerni xo’jalik jihatdan o’zlashtirish, ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantirish, irqlar, tillar va xalqparning paydo bo’lishi va aralashib ketish jarayonlari bilan bog’liq. Ishlab chiqarishni joylashtirishdagi o’zgarishlar bevosita mehnat resurslarini hududiy qayta taqsimlash extiyojini keltirib chiqaradi, bunga esa migratsiya yordamida erishiladi. Yo’nalishiga ko’ra tashqi Aholi migratsiyasi va ichki Aholi migratsiyasi farqlanadi. Tashqi Aholi migratsiyasi mamlakatdan chiqib ketish (muhojirlik), ichki Aholi migratsiyasi esa mamlakat doirasida, viloyat va tumanlararo yashash joyining o’zgarishi. Migratsion jarayonlarda ishtirok etuvchilar — migrant (muhojir) lar, migratsiya oqimi shakllanuvchi hudud — migrantlar chiquvchi, ular borgan hudud — migrantlar o’rnashuvchi region deyiladi. Muayyan mamlakatdan boshqa biron-bir mamlakatga aholining ko’chib ketish jarayoni emigratsiya, unda ishtirok etganlar esa emigrantlar deyiladi. Va, aksincha biron bir boshqa mamlakatdan ma’lum mamlakatga aholining ko’chib kelishi immigratsiya, unda ishtirok etganlar immigrantlar (kelgindilar) deyiladi. Aholi migratsiyasi doimiy (turar joyni uzil-kesil o’zgartirish), vaqtincha (shartnoma asosida ma’lum muddatga ishga, o’qishga va boshqa sabablar bilan mamlakatdagi bir ma’muriy-hududiy birlikdan boshqasiga borish, yoxud xorijga ketish), mavsumiy (iqtisodiyot tarmoqlari — qishloq xo’jalik, undiruvchi sanoat sohasi yumushlari, davolanish, dam olish va boshqa sabablarga ko’ra ko’chish), mayatniksimon (mokisimon) (ertalab ishga, o’qishga ketib, kechqurun uyiga qaytib kelish) migrasiya turlari bo’ladi. Ma’lum vaqt davomida hududga ko’chib kelgan va ko’chib ketgan kishilar soni o’rtasidagi farq migratsiya saldosi deyiladi. Ba’zan migratsiyaga turizm, kurortga borish, ziyorat, shuningdek mokisimon qatnovchilarni ham kiritadilar, lekin turar joyni o’zgartirmagani uchun ularni Aholi migratsiyasiga kiritish mumkin emas. Qishloq aholisi hisobiga shaharlarda yashovchi aholining to’xtovsiz o’sib borish tendentsiyasi ham mavjud. Qishloqlarda yashash sharoitining shaharlarga nisbatan ma’lum darajada noqulayligi, uning ayniqsa yoshlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatlardan to’la qondira olmasligi bu tendentsiyaga sabab bo’ladi. O’zbekistonda Aholi migratsiyasi jarayoni yangi zavod va fabrikalarning qurilishi, 50-60-yillarda Navoiy, Zarafshon, Uchquduq, Bekobod, Angren, Olmaliq, Yangiyer va boshqa sanoat shaharlarining barpo etilishi hamda ularni ishchi kadrlar bilan ta’minlash maqsadida sho’rolar davrida SSSRning Markaziy sanoat rayonlaridan aholini ommaviy ko’chirib keltirish hisobiga bo’ldi. Natijada bu shaharlarda tub joy aholisi ozchilikni tashkil etib, ko’pchiligi Respublika tashqarisidan yo’llanma bilan kelgan kishilar bo’ldi. 1966 yilgi Toshkent zilzilasidan so’ng Toshkent shahri aholisi ham ikki baravardan ziyod ortdi. Urush yillarida o’z yurtlaridan qochoq bo’lganlar va badarg’a qilinganlar ham O’zbekistonda qo’nim topdilar. Aholi migratsiyasi jarayoniga tarixiy va milliy an’analar ham ta’sir ko’rsatadi. O’rta Osiyo xalqlarida, jumladan o’zbeklarda tug’ilib o’sgan joyga mehri balandligidan migrasiyaga moyillik ancha sust. Nurislom To’xliyev.