ARKTIKA

Yunoncha “arktikos” so’zi “shimoliy” degan ma’noni anglatadi. Shimoliy Muz okeani, uning orollari hamda Yevropa, Osiyo va Amerikaning shimoliy chekkalari Arktika deb ataladi. Uning o’rtasida, Muz okeanining muzlari ustida Yer o’qining shimoliy uchi – Shimoliy qutb bor. Arktikaning janubiy chegarasi Shimoliy qutb doirasiga deyarli to’g’ri keladi. Arktikaning quruqlik qismi Rossiya, Kanada, AQSHning Alyaska shtati, Daniya (Grenlandiya oroli) va Norvegiya (Shpitsbergen) davlatlari hududlarining bir qismini o‘z ichiga oladi. Materiklar chekkasigacha bo’lgan qutb yonidagi maydon Markaziy Arktika deb ataladi. Bu yerda bir necha oy mobaynida qutb tunlari davom etadi. Bu davrda faqat yulduzlar, oy va qutb yog’dusining rang-barang shu’lalari bepoyon maydonlarni yoritib turadi, quyosh esa mutlaqo ko’rinmaydi. Quyosh dastlab mart oyida ufqda bir lahzagina ko’rinib qo’yadi va shu vaqtdan boshlab osmonda uzoqroq turadi. Nihoyat, ko’zni qamashtiradigan qutb kuni boshlanadi va u ham bir necha oy davom etadi. Arktika yozi sovuq bo‘lsa-da (o’rtacha 1— 3 daraja issiq), baribir Antarktida yoziga qaraganda ancha iliqroq. Arktikaning hamma yerida hayot bor. Yozda sohilda oddiygina shimol gullari ochiladi. Qirg’oqlarini Golfstrim iliq oqimi suvi yuvib turadigan Kola yarim orolida esa hatto, haqiqiy issiq yoz ham bo’ladi. Muz okeani suvlarida grenlandiya tyuleni, morj, dengiz quyoni o’zini juda yaxshi his etadi. Orollar va muz parchalarida oq ayiqlar yashaydi, yozda orollarning dengiz qirg’og’igacha tik tushgan qoyalarida minglab dengiz qushlari uya quradi. Bular qushlar bozordir. Ko’pgina sayyohlar Shimoliy qutbga borishga harakat qildilar. Lekin ularning intilishlari muvaffaqiyatsiz bo’ldi. Faqat 1909-yilda amerikalik Robert Piri Yerning bu nuqtasiga birinchi bo’lib qadam qo’ydi. 1912 yilda rus sayyohi Georgiy Sedov “Svyatoy Foka” kemasida Shimoliy qutbga uyushtirgan birinchi rus ekspeditsiyasi natijasiz tugadi. Ekspeditsiya Shimoliy qutbga yetib bora olmadi, chunki u yetarlicha jihozlanmagan va yaxshi tayyorgarlik ko’rmagan edi. Georgiy Sedov halok bo’ldi. Arktika tabiatini muntazam o’rganish maqsadida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida maxsus Arktika va Antarktika instituti tashkil etildi. Arktikani Skandinaviya mamlakatlari, Kanada, AQSH va boshqa mamlakat olimlari ham muntazam o’rganmoqdalar. Ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladigan kemalardagi ekspeditsiyalar Shimoliy Muz okeani orqali Murmansk va Arxangelsk portlaridan Uzoq Sharq portlariga eng qisqa yo’lni o’rgandilar va o’zlashtira boshladilar. Biroq Arktika den gizlarida kemalar faqat yoz oylarida suzib yurishi mumkin, chunki yilning ko‘p qismida u dengizlarning yuzi qalin muz bilan qoplangan bo’ladi. Shimoliy dengiz yo’li orqali kemalar qatnovi mavsumini uzaytirish va kema karvonlarini bemalol olib o’tish maqsadida 60-70-yillarda atom muzyorar kemalari qurildi. Lekin kemalar suzib o’tishi uchun faqat qirg’oq bo’ylaridagina emas, balki butun Arktikada ob-havo holati, muzlarning siljishi, dengiz oqimlari to’g’risidagi hamma ma’lumotlarni bilish lozim. Arktika dengizlari ko’proq Rossiyaga qarashli bo’lganligidan uni asosan rossiyalik tadqiqotchilar o’rgandi. Shimolda qahraton sovuq, qor bo’ronlari, qutb tunlari bo’lishiga qaramay ruslar Arktika tabiatini hozirgacha muntazam o’rganib kelmoqdalar. Arktikaning barcha rayonlarida qishlab qoladigan olimlar doimiy kuzatishlar olib boradilar. Ular har kuni ob-havo va okeanning holati to’g’risida radio orqali axborot berib turadilar. Bu axborotlardan butun dunyoda foydalaniladi. Arktika havosi ayniqsa qish oylarida O’zbekiston hududiga bemalol yetib keladi. Qutbchilar qishlab qolmaydigan ko’chma muzlarda 1955-yildan boshlab har yili avtomat stansiyalar o’matiladi. Ular muzlarning siljishini va ob-havoni kuzatib turadi. Qutbchilar Arktikaning ko’pgina sirlarini, masalan, Shimoliy qutb rayonida hech qanday oral va umuman quruqlik yo’q ekanini aniqladilar. Keyinchalik boshqa qutb tadqiqotchilari Muz okeanining tubida 1800 kilometr uzunlikdagi baland tog’ tizmasini topdilar. Arktika foydali qazilmalarga boy. U yerda toshko’mir, qo’ng’ir ko’mir konlari, rangli va nodir metall rudalari, neft qazib olinmoqda. Endilikda Arktika oppoq sahro emas. Muz okeani sohillarida dengiz portlari, shahar va shaharchalar qad ko’targan. Shimoliy dengiz yo’lida kemalar qatnovi yil sayin avj olmoqda. Bugungi kunda yozda ham, qishda ham kemalar karvoni to’xtamaydi.