(Armaniston Respublikasi) Maydoni – 29800 kvadrat kilometr. Aholisi – 3412000 kishi. So’ngan vulkanli, ko’zni qamashtiradigan quyoshli, ko’m-ko’k, deyarli hamma vaqt musaffo osmonli shu mo’jazgina baland tog’ o’lkasidagi daralar ham, vodiylar ham o’ziga xos, jozibali. Armaniston tabiati mo’tadillik va keskinlik xususiyatlarini o’zida mujassam etgan. Uning bir burchagida shaftoli va uzumlar shiraga g’arq to’lsa, boshqa burchagida qor yog’adi. Jazirama yoz-u, abadiy qish deyarli yonmayon. Armanistonda beshta xilma-xil tabiiy mintaqa mavjud. Aholi eng zich joylashgan mintaqa Ararat vodiysidir. Ararat vodiysida, Razdan daryosi sohillarida Armanistonning poytaxti – qadimiy Yerevan joylashgan. U respublika sanoati, madaniyati va ilmiy tafakkurining markazidir. Uning keng shohko’chalari va maydonlarini o’lka bag’ridan qazib olingan har xil rangli tuf, bazalt, marmardan tiklangan ko’p qavatli binolar bezab turibdi. Uning yonida esa baland tog’ ko’li — Sevan bor. Ulkan billur kosa bo’lmish Sevan ko’li sarg’ish-jigarrang tog’lar halqasida oftob nurlari tushishi bilanoq moviy ko’zgudek jilolanadi. Ko’lning shaffof suvida ko’plab gulmohi (forel) baliqlari suzib yuradi. Sevanga o’nlab daryo va soylar quyiladi, lekin undan faqat birgina jo’shqin Razdan daryosi oqib chiqadi. Uning suvi bilan qaqragan dalalar sug’oriladi va olti gidroelektr stansiyaning turbinalari aylantiriladi. Dasht va toshloq Shiroq — Armanistonning g’alla konidir. Aragats tog’i savlat to’kib turibdi. Uning yonbag’irlarida, quyuq o’tloqlarida qoramol, qo’y va echki podalari boqiladi. Yumshoq, iliq iqlimli Gukart ham xushmanzaradir. Tog’larning o’rmon bilan qoplangan yonbag’irlarida xushbo’y dafna, bodom, anjir, anor, xurmo, zaytun zich o’sadi. Gukart yaylovlari ham ko’rkam. Rudaga boy Syunik Zangezurning bir chekkasida baland tog’ cho’qqilari go’yoki zangori osmonni yorib kirgandek ko’kka bo’y cho’zgan. Tog’lardan parcha-parcha yerlargina “yulib olingan” va bog’larga aylantirilgan. Armanistonning qadimiy nomi — Nairi “daryolar mamlakati” degan ma’noni anglatadi. Ikki yuzdan ortiq daryo orasida eng yirigi – Araks. Jermuk va Arzni degan joylar o’zining shifobaxsh buloqlari bilan mashhur. Armanlar 5 asr boshlaridayoq o’z yozuviga ega bo’lgan. Armanistonda ko’plab qadimgi madaniyat yodgorliklari: ibodatxona va qal’alarning xarobalari, nozik o’yma naqsh tushirilgan toshlar, qadimgi noyob qo’lyozmalar saqlanib qolgan. Mamlakat rangli metallurgiyasi, katta kimyosi, mashinasozligi respublika iqtisodiyotida muhim o’rin tutadi. Bir zamonlar o’nqir-cho’nqir chang ko’chalardan ho’kiz qo’shilgan ikki g’ildirakli arava-yu, tuya hamda eshak karvonlarigina sudralib o’tgan. Endi esa daryo bo’ylaridagi vodiylarda, daralar va baland tog’larda tosh yo’llar qurilgan bo’lib, ularda avtomobillar qatnaydi. Temiryo’l va havo yo’llari Armanistonni ko’pgina mamlakatlar bilan bog’laydi. Armaniston bilan O ‘zbekiston Respublikasi o’rtasida 1995-yil diplomatiya munosabatlari o’rnatilgan.