ARXIMED

(taxminan miloddan aw al 287— 212-yillar) Arximed Yunonistonning buyuk olimlaridan, ixtirochilaridan biri bo’lgan. Siz hali maktabga bormasingizdanoq Arximed ixtirolaridan biri bilan tanishgansiz. Onangiz chuchvaraga qiyma chiqarayotganda go’sht qiymalagich ichidagi vintsimon valni ko’rgansiz, albatta. Go’sht qiymalagichning dastasi aylantirilganda vintsimon val ham aylanib, go’sht bo’laklarini pichoqqa itarib beradi. Ana o’sha val Arximed vinti deb ataladi, lekin Arximed uni aslida go’sht qiymalagich uchun o’ylab topmagan, balki ekinlarni sug’orish maqsadida daryodan suv chiqarib beradigan mashina uchun yaratgan. Arximed vinti har xil mashinalarda ishlatiladi, bug’doy, qum singari sochiluvchan yuklarni yuqoriga ko’tarish uchun xizmat qiladi, zavodlarda detallarni surib beradi. Maktabda fizika darsida siz Arximed qonuni bilan tanishasiz. Bu qonun dengizda ulkan kemalar nima uchun cho’kib ketmasligini tushuntirib beradi. Bu qonunni topganida u “Evrika!” (“Topdim”) deb xitob qilgan edi. Arximed richaglarning harakatlanish qonunlarini o’rganish bilan shug’ullangan. “Menga tayanch nuqtasini bersangiz, Yerni ham o’rnidan qo’zg’ataman …”, degan edi u. Olim bu so’zini maqtanish uchun aytgan emas, u buni aniq hisoblab chiqqan edi. Arximedning matematikaga doir ishlari ham muhim. U aylana uzunligining diametriga nisbatini katta aniqlikda hisoblab topgan. Arximed ishlatgan usullar asta-sekinlik bilan hozirgi integral hisobga olib kelgan. Arximed o’z ona shahri — Sirakuzani himoya qilish uchun ko’plab ajoyib jangovar mashinalar yasagan. Rimliklar Sirakuzaga bostirib kelishganida Arximedning harbiy mashinalari dushman kemalarini cho’ktirgan. Ularni parcha-parcha qilib yuborgan, jangchilarini qirgan. Biroq shahar himoyachilarining qo’shini son-sanoqsiz Rim qo’shini oldida juda oz va kuchsiz edi, shuning uchun rimliklar Sirakuzani bosib olishgan. Afsonaga ko’ra, o’sha paytda Arximed 75 yoshga kirgan edi. Rim jangchisi olimning uyiga bostirib kirganda u qumli yashik ustiga engashib, nimalarnidir chizayotgan cholni ko’rgan. Arximed esa bu paytda geometrik shakllarni chizar edi. Chizmalarimga qo’lingni tekkizma, – deb xitob qilgan Arximed. Javob o’rniga jangchi qilichini ishga solgan va buyuk olim qum ustiga yiqilib, chizmalarini qonga bo’yagan.