Oltin O’rda va Rus davlati

Oltin O’rda davlati Rus knyazliklari bilan Turkiston zamini o’rtasidagi bamisoli ko’prik hisoblangan. Turkiy dunyosining tarkibiy qismi hisoblangan bu ulkan yerlar Rossiya tomonidan bosib olingandan keyingi uni hozirgi O’zbekistonga bostirib kirish imkonini tug’dirdi. Shu bois Oltin O’rda va Rossiya haqida tushuncha berish maqsadga muvofiqdir.

Oltin O’rda davlati Dnepr daryosidan boshlanib, Volgadan o’tib, Sharqqa tomon cho’zilib ketdan “Dashti Qipchoq”da yuzaga kelgan edi. Mazkur bepoyon yerlar “Turkiy dunyosi”ning tarkibiy qismi hisoblangan. Bu joylarda turkiy davlatlar tashkil topib, hozirgi O’zbekiston hududi bilan juda yaqin aloqalar o’rnatilgan.

IX-XI asrlarda Dashti Qipchoqdan ikki savdo yo’li bo’lib, biri – Volga orqali Bulg’ordan O’rta Osiyo, Kavkaz, Eron va Uzoq Sharqa, ikkinchisi – Dashti Qipchoqdan Qrimga, undan esa Kichik Osiyodagi Trapezund, Konstantinopolga borgan. Ayni bir paytda rus knyazliklariga borilgan. Shuning uchun ham Dashti Qipchoqni egallashni siyosiy jihatdangina emas, balki iqtisodiy nuqtai nazardan ham foydasi beqiyos katta edi. Shuni hisobga olgan holda mo’g’ul qo’shinlari, Chingizxonning nevarasi, Botu boshchiligida 1236-1239 va 1239-1242 yillarda butun Dashti Qipchoqni va Rus knyazliklarini bosib olib “Oltin O’rda” nomida davlatni tashkil etdilar. Bu davlatni tarkibida shimoli-sharqda Bulg’or viloyati, shimolda uning chegarasi rus knyazliklaridan o’tgan, janubda Oltin O’rdaga bir tomondan Qrim va uning dengiz bo’yidagi shaharlari, ikkinchi tomondan Darbandgacha cho’zilib borgan Kavkaz va ba’zan esa Bokugacha kirgan. Shuningdek, shimoliy Xorazm va uning Urganch shahri kirgan, g’arbda Dneprdan boshlangan dashtliklar, sharqda esa g’arbiy Sibir va Sirdaryo etaklarigacha boradigan yerlar kirgan.

Volganing quyi oqimida hozirgi Astraxan yaqinidagi Selitrennov degan Saroy shahri bunyod etilib, Oltin O’rda davlatining poytaxtiga aylantirildi. U Saroy Berka shahri nomida ham yuritildi. Botu merosxo’ru Berkaxon (1257-1266) hozirgi Tsaritsin yaqinida Berka Saroy shahrini qurdirdi. Bu shahar Oltin O’rda hukmdori O’zbekxon davrida (1312-1340) poytaxtga aylantirildi. Oltin O’rda davlatining yuzaga kelishi va unga rus knyazliklarini bo’ysundirilishi Dashti Qipchoqda qadimda davom etib kelayotgan turkistonliklarni faoliyatiga yanada qulay sharoit yaratildi. Shunisi diqqatga sazovorki mo’g’ul hukmdorlari davlatni mustahkamlashda islom dini va turkistonliklarni muhim o’rnini hisobga olgan holda ularga keng yo’l ochib berdi.

Oltin O’rda davlatining asoschisi Botu davridayoq islom diniga e’tibor berilib maschit va madrasalar ochilganligi ma’lumdir. Dastlabki vaqtlarda mo’g’ul hukmdorlari islom diniga kirmagan bo’lsada, lekin qanchalik vaqtlarning o’tishi bilan ular shunchalik ko’p islom ta’siriga tortildi. Botuning vorisi bo’lmish Berkaxon mashhur buxorolik shayx al-Baxarziyning boshchiligida islom diniga kirdi. Ayniqsa, yuqorida qayd qilingan O’zbekxon vaqtida Oltin O’rdada islom dini ancha rivoj topdi. Bu ishda Buxoro va Xorazm din peshvolari jonbozlik ko’rsatdilar.

Mo’g’ullar garchi hukmron doira hisoblansada, lekin ular son jihatdan qipchoqlarga nisbatan ozchilikni tashkil etgan. Shu bois vaqtni o’tishi bilan kelgindi mo’g’ullar islom dinini qabul qilib va turklashib qipchoqlarga singib ketdi. Pirovardida turkiy til davlat tiliga aylandi.

Turkistonliklar Oltin O’rdaning ichki va tashqi savdosida ham salmoqli o’rinni egalladilar. Oltin O’rdada islom dini va turkistonliklarni savdo faoliyatini kuchayishi, uning madaniy hayotiga ta’sir ko’rsatdi. Bunda Saroy Berka va Saroy Botudagi xorazmliklar yashaydigan mahallalarni hissasi katta bo’ldi. Bu yerlarda savdogarlar, hunarmandlar, din va madaniyat namoyandalari yashab mamlakatning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol qatnashganlar.

Xorazmliklarni qurilish va me’morchilikka ham ta’siri salmoqli bo’lgan. Bu to’g’rida olim A.Yakubovskiy shunday yozadi: “Bir tomondan Saroy Berka bilan Saroy Botuning va ikkinchi tomondan, Urganchning, garchi koshinkorlik materiallari yuzasidangina bo’lsa ham arxitektura yodgorliklarini taqqoslab o’rganish shuni ko’rsatadiki, xorazmlik ustalar o’zlariga xos bo’lgan rang-barang naqsh bezaklarini jilo berib ishlash xususiyatlarini koshinkorlik mozaykalarida takrorlaganlar. Bu rang-barang naqshin bezaklar Ko’hna Urganchdagi To’rabek xonim maqbarasi kabi ajoyib binoni hozirgacha bezab turibdi. Shu bilan birga xorazmlik ustalar avvalgi ishlarini takrorlab qolmay, balki bu yangi joyda yangi-yangi usullarni ham yaratganlar.

Saroy Berkada XIII-XIV asrlarda qurilgan turli tuman binolardagi xilma-xil koshinlar kolleksiyasi bu tipik musulmon sanoati bo’lganligini ko’rsatadi. Gullarni rasmini to’r-ro’r chiziqlar va bezak harflardan yozilgan arabcha xat bilan birga qo’shib ishlash ko’k, feruza, oq, yashil, sariq sirlarni Urganch uchun juda ham xarakterli bo’lgan qizil rang (ancha buyov) bilan birga qo’shib tasvirlash, bularning hammasi O’rta Osiyo va Eron shaharlarining xalqlari uchun xos bo’lgan arxitektura formalari bilan birgalikda Volga bo’yi shaharlariga ko’chgan.”

Turkistonliklar to’quvchilik, kulolchilik, sirkor keramika va boshqa hunarlar bilan shug’ullanganlar. Xullas, ular Saroy Botu bilan Saroy Berka singari yirik shaharlarni barpo etilishi va rivojlanishida kuchli bo’lganki, Misr sultoni Oltin O’rda bilan aloqada xorazmliklardan foydalangan. Masalan, Misr sultonining Oltin O’rdadagi Alouddin Oygto’g’di nomli elchisi xorazmlik bo’lgan. O’zbekxon davrida Saroy Berkadagi xorazmliklar mahallasida yashovchi shayx No’moniddin al-Xorazmiy katta obro’ga ega bo’lgan. O’zbekxon bu kishi bilan tez-tez suhbatda bo’lgan. Bu shayx asli Urganchli bo’lib, mantiq, falsafa va til ilmini yaxshi bilardi. Xorazmliklar orasida Oltin O’rdaga qarashli joylarda yirik mansabdorlar ham bo’lgan. Jumladan, XIV asrning 30-yillarida Muhammadxo’ja al-Xorazmiy Azov degan viloyatning (Azoqtana) amiri bo’lgan. “Oltin O’rdaning adabiy tili va adabiyotini yaratishda ham, – deb yozgan A.Yu.Yakubovskiy, – Xorazm katta rol o’ynagan. Oltin O’rdada chiqqan bir necha badiiy asarlarning tili Xorazm va Sirdaryoning quyi oqimidagi shaharlar, ya’ni Oq O’rda yerlari til elementlari bilan bevosita bog’lanish bo’lganini ko’rsatadi. Har ikkala o’lka (Xorazm va Sirdaryoning quyi oqimidagi shaharlar) Oltin O’rdaning so’zlashuv tiligagina emas, balki maydonga kelayotgan Oltin O’rda yozuviga ayniqsa, uning badiiy adabiyotiga ham doimo ta’sir ko’rsatib kelgan. Volga bo’yi shaharlarida xususan ikkala Saroyda bu sohada ancha ish olib borilgan.”

Shubhasiz Xorazm mahallasida xorazmliklargina emas, balki buxoroliklar, samarqandliklar, toshkentliklar va farg’onaliklar ham bo’lgan. Biroq xorazmliklar ko’pchilikni tashkil etganliklari tufayli mahallalar ular nomida yuritilgan.

Oltin O’rda vaqtida turkistonliklar bilan rus knyazliklari o’rtasidagi aloqa ancha jonlangan. XIV asrni birinchi yarmida Nijniy Novgorodda ko’p sonli Xorazm va Buxoro savdogarlari bo’lganligi to’g’risida ma’lumotlar mavjud. Shuni ko’rsatib o’tish lozimki, Oltin O’rda poytaxti – Saroyda ruslarning ham turar joylari bo’lgan. Shuning uchun 1261 yilda Saroyda maxsus pravoslav eparxiyasi tashkil qilingan bo’lib, bu eparxiyaga saroydan tashqari Peryaslav Kiyevskiy shahri ham kirgan. Bu holat Saroyda yashovchi turkistonliklar bilan ruslar o’rtasida yaqindan aloqa o’rnatishga olib kelgan. Turkistonliklar Oltin O’rdani rus knyazliklaridan olinadigan soliqlarning yalpisiga sotib olganlar. Shubhasiz, ular rus yerlarida soliqlarni undirish bilan bir qatorda savdo-sotiq bilan ham shug’ullanganlar.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra rus hunarmandlari Urganchga kelib o’rnashgan vaqtlarda bo’lgan. Ko’p rus knyazliklari “yorliq olish uchun faqat Oltin O’rdaning poytaxti – Saroyga emas, balki Mo’g’ulistonga buyuk xon qarorgohiga Turkiston orqali borardilar.”

Shuni aytib o’tish lozimki dastlabki vaqtlarda Oltin O’rda hukmdorlari rus knyazliklarida o’z vakillarini (bosqoqlarni) tayinlab ish yuritgan bo’lsalar keyinchalik soliq va o’lponlarni to’plash va topshirish rus knyazliklarini zimmasiga yuklandi. Ular rus knyazliklarini ichki ishlariga deyarlik aralashmadi. Natijada rus knyazliklari o’rtasida yakkahokimlik uchun kurashlar davom eta berdi. Ayni bir paytda Shver, Nemis ritsarlari va Litva knyazliklari bilan urush olib borilaverdi.

Rus knyazliklaridan soliq olish bilan chegaralanib ularni iqtisodiy va siyosiy jihatdan qattiq nazorat ostiga olmaslik ularni pirovardida qaddini rostlash va kuchayib borishiga zamin hozirlaydi. Bunda Oltin O’rda hukmdorlarining taxt uchun olib borgan dahshatli urushlari ham ruslarga juda qo’l keldi. Bu borada Amir Temurni Oltin O’rdaga qarshi harbiy yurishlarda rus knyazliklariga mustaqillikka erishishida katta imkoniyatlarni tug’dirdi.