XIX asrning 40-yillarida o’zbek xonliklariga qarshi yurish boshlab yuborildi. Bu vaqtlarda qozoq xalqining sodiq farzandi Sulton Kenisar boshchiligida Chorizm hukmronligiga qarshi harakat kuchaydi. 1843 yilda harbiy kuchlar bu qo’zg’olonni bostirish uchun yuborildi. Natijada, vatan himoyachisi Sulton Kenisar qo’lga olindi va o’ldirildi. Shu ravishda Chor hukumati o’zbek xonliklari tomonga yurishda yo’lda uchraydigan barcha to’siqlarni bartaraf qilib bordi va ayni bir paytda harbiy istehkomlarni qurdi. Masalan, 1845 yilda Turg’ay daryosi bo’yidagi Orenburg istehkomi qayta qurildi, Mang’ishloq yarim orolida esa Novopetrovsk (keyinchalik Aleksandrovsk) istehkomi barpo qilindi. 1848 yilda esa Sirdaryoning Orolga quyilish joyida Rim (Kazalinsk) harbiy istehkomi bunyod etildi. Bu ishni general Obruchev qo’mondonligidagi 4 rota, 3 yuzlik va 4 zambarakli askarlar amalga oshirdi. O’sha yili 23 avgustda polkovnik Yerafeyev boshchiligidagi 2 zambarak bilan qurollangan 200 rus qo’shini Xiva askarlarini mag’lubiyatga uchratib Xon xo’ja qal’asini bosib oldi. Shundan keyin “Nikolay” va “Konstantin” kemalaridan iborat Orol flotilyasi yuzaga keltirildi. Keyi 1848 yilda Xiva xonligiga qarashli Xo’ja Niyoz qal’asi rus qo’shini tomonidan egallandi va ostin-ustin qilib tashlandi. 1850 yilda 50 piyoda, 175 kazak va 2 zambarakdan tashkil topgan rus qo’shini Qo’qon xonligini To’ychibek qal’asini bosib olib buzib tashladi. O’sha yili dushman kuchlari Qushqo’rg’on nomli Qo’qon qal’asini egalladi. 1851 yilda polkovnik Koraboshev boshchiligida 5 ta rota, 5 yuzlik, 6 zambarak va 1 ta raketa stanogiga ega askarlar Oqbuloq degan joy yaqinida Yoqubbek boshchiligidagi Qo’qon qo’shiniga zarba berdi. Bu vaqtlarda Turkiston, Chimkent, Avliyo ota, Pishkek, To’qmoq, Oqmachit va ularning atrofidagi bepoyon yerlar Qo’qon xonligining qo’l ostida edi. Shu boisdan rus qo’shinlari birinchi navbatda xonliking kuchlari bilan to’qnashdi. Oqmachit (hozirgi Qizil O’rda) xonlikning eng muhim harbiy qal’alaridan biri hisoblangan.

1852 yilda unga rus qo’shinlari hujum qildi, lekin 72 kishini yo’qotib ololmadilar. O’sha yili polkovnik Blaramberg harbiy otryadi (1,2 rota, 2 yuzlik va 5 zambarak) bilan Qo’shqo’rg’on, Chimqo’rg’on, Kumushqo’rg’on singari Qo’qon qal’alarini bosib oldi. Keyingi 1853 yilda shaxsan general Perovskiy boshchiligida 12 ta to’plar bilan ikki mingdan ortiq askarlar Oqmachitni qamal qildilar. General Perovskiyni taslim bo’lish haqidagi takliflariga vatan himoyachilari: “Bizlar bir dona porox va ko’chada bir kesak qolguncha, hamma qurollarimiz tamoman sinib bitguncha kurashamiz”, deb javob qaytardilar.

Qal’ada bor yo’g’i 250 kishi mudofaada edi. Lekin shunga qaramay ular jasorat va qahramonlik namunalarini namoyish etib, dushmanni hayron qoldirdi. Bunga tan bergan general-gubernator Perovskiy boshliqlarga yozgan axborotida mudofaachilar “qal’aning devorlarida va ichki tomonidan qo’mondon Muhammad Alixonning halok bo’lishiga qaramay yuzboshi Lafas boshchiligida nihoyatda katta jasorat va matonat bilan jang qildilar. Hamda o’zlari qasam ichganidek, oxirgi daqiqagacha imkoni boricha kurashdilar” degan edi. Shunisi diqqatga sazovorki, qal’aning himoyasidagi jangda o’zbek ayollari ham qatnashib dushmanni lol qoldirgan. Rus qo’shini qal’a devorining ustiga porox qo’yib portlatib ichkariga bostirib kirgandan so’ng erkaklar va ayollar qo’llaridagi qurollarini va o’qlarini tashlab qilich jangiga o’tib, shu darajada urushdilarki, bunday manzarani osmonu falak hali hech ko’rmagan va eshitmagan edi. Qal’adagi erkak va ayollar asir tushishni or bilib, o’zlarini o’limga mahkum etganliklari ruslarni juda hayratlantirgan.

1853 yil 28 iyulda 22 kunlik jangdan keyin Oqmachit qal’asi tormor etildi. Bu yerdagi 250 himoyachidan 74 kishi tirik qolgan, 35 tasi yarador hisoblangan, o’lganlarning orasida ayollar ham bo’lgan. Rus askarlaridan 25 kishi halok bo’ldi va 46 kishi yarador qilindi. Qal’adan 80 ta ayol va 25 ta bolalar asir olindi.

Oqmachitning o’rnida “Fort Perovskiy” rus qal’asi barpo etildi. Oqmachitning qo’ldan ketishi butun Qo’qon xonligini larzaga soldi. U yerga bir necha marotaba Qo’qon qo’shini va ko’ngillilar yuborilib jang qilindi. Bundan janglarning birida, 1853 yilning 18 dekabrida vatan himoyachilaridan ikki ming kishi halok bo’lgan. Lekin har bir urinish mag’lubiyat bilan tugallandi.

1854 yilda Olma Otada Verniy nomida rus harbiy istehkomi qurildi hamda Ili vodiysi qo’lga kiritildi. Bu yerda Ziliysk bo’limi tashkil etdi. 1856 yilda polkovnik Xarmentavskiy boshchiligidagi 1 rota, 1 yuzlik va 1 raketa stanogli rus qo’shinlari qozoqlarni Katta Juziga tegishli tapay qabilasini bo’ysundirdi. Shuningdek, 320 piyoda, 300 kazak, 3 zambarak va 2 ta raketa stanogidan tashkil topgan general-mayor graf fon Fitin qo’mondonligidagi qo’shni Xo’ja harbiy istehkomini bosib oldilar. 1857 yili esa bu general 200 piyoda, 300 kazak va 2 ta zambarak bilan Xiva qo’shinini mag’lubiyatga uchratdi hamda ularning tarafini olga bir guruh qozoqlarni jazoladi.

Rus davlati tomonidan birin-ketin xonlik yerlarni bosib olishga qarshi Toshkentda katta kuch to’plandi va Iliorti tomonga yuborildi. Bu yerlard 1858 yilda 5000 kishilik Toshkent va Qo’qon harbiy kuchlari bilan podpolkovnik Peremeshmelskiy boshliq qo’shin o’rtasida jang bo’lib vatan himoyachilari Chuy daryosi vodiysiga surib tashlandi.

1860 yilda 6 ta rota, 600 ta kazak, 12 ta og’ir zambarak, 4 ta raketa moslamasidan tashkil topgan rus askarlari Pishpak va To’qmoq singari Qo’qon istehkomlariga hujum qilib, qo’li baland keldi. Podpolkovnik Peremeshmelskiy Pishpekni egallash uchun 954 ta snaryad va 13 mingga yaqin o’q ishlatdi. Himoyachilarda ko’p kishilar o’ldi va yarador bo’ldi. Shuningdek, To’qmoq qal’asi ham dushman tomonidan egallanib, bu hol butun xonlikni katta tashvishga soldi. O’zbek, qozoq va qirg’izlar birgalikda Toshkent hokimi boshchiligida Rus davlati tajovuziga qarshi bosh ko’tarib 1860 yil 21 oktabrda Qoraquztog’ daryosi bo’yidagi Uzunoyog’ochda bosqinchilar bilan to’qnashdi. Bu yerda 20 ming kishilik vatan himoyachilari bilan podpolkovnik Kalpakovskiy boshchiligidagi qo’shin (3 rota, 2 yuzlik, 6 zambarak va 2 ta raketa moslamasi) o’rtasida Pishpek ostonasida jangda dushman g’alabaga erishdi. Rus qo’shini tomonidan 2051 snaryad, 31879 ta to’p otildi. Bu jangda vatan himoyachilaridan 1500 kishi o’ldirildi va ko’pi yaralandi. Dushman askarlaridan 13 kishi o’ldirildi va 29 kishi jarohatlandi. 574 himoyachi asirga olindi. Asirlar orasida, 82 savdogar, 92 ta ayol va bolalar bor edi. Dushman Pishpek va To’qmoq istehkomlarini yer bilan yakson qildi.

Garchan, vatan himoyachilari birin-ketin mag’lubiyatga uchragan bo’lsalarda, lekin ozodlik uchun hech narsadan toymadilar.