TANZIMAT

TANZIMAT (Arabcha — tartibga solish) — Usmonli turk sultonligida o’tkazilgan ijtimoiysiyosiy islohotlar va shu islohotlar o’tkazilgan davr (1839-70). Tanzimat 2 davrga bo’linadi. Uning 1-davri “gulxona xatti sharifi” deb atalib, 1839—50 yillarni o’z ichiga oladi. 1839 yil 3 noyabrda Turkiya tashqi ishlar vaziri Rashid Posho gulxona bog’ida Usmonli turk sultoni Abdulmajid (hukmronlik davri: 1839-61) dan barcha davlat zodagonlari ishtirokida islohotga ruxsat (“xatti sharif”) oldi. Unda hamma fuqarolarning hayoti, vijdon erki va mulk daxlsizligi, qonunsizliklarga barham berilishi, soliqlarning kamaytirilishi va boshqa masalalar e’lon qilingan. Shunga binoan, 10 yil davomida xuquq va ma’muriy, moliya, harbiy ish va maorif sohalariga oid bir nechta qonunlar qabul qilindi. Islohotlar natijasida Turkiya hayotida bir muncha yangiliklar yuz berdi. Biroq, Turkiyadagi yirik zodagonlar unga qattiq qarshilik ko’rsatishgan. Tanzimatning 2-davri Qrim urushida Turkiya qozongan g’alabadan keyin boshlandi. 1856 yil 18 Fevralda Sulton Abdulmajid yangi Tanzimat to’g’risida “xatti Humoyun” e’lon qilib, Turkiya sanoati va qishloq xo’jaligi.ni G’arbiy Yevropa mamlakatlari uchun ochiqligini bildirdi. Musulmon bo’lmagan xorijiy sarmoyadorlarga ma’lum huquqlar berildi. Bu qonunlar, bir tomondan, sultonlikda davlat boshqaruvi, sud va ma’muriy ishlarni tartibga keltirdi. Turkiyada yangi adabiyot, san’at, ilmfan. maorif taraqqiy topa boshladi, milliy ziyolilar paydo bo’ldi. Ular orasidan keyinchalik yangi Usmonlilar deb ataluvchi konstitusion monarxiya tarafdorlari va yosh turklar o’sib chiqdi. 2-tomondan, Turkiyada xorij kapitali ta’sirining oshishiga, uning G’arb davlatlariga asta-sekin qaram bo’lib qolishiga zamin tayyorladi. Tanzimat yangi Sulton Abdulhamid II (hukmronlik davri: 1876-1909) tomonidan bekor qilindi va Turkiyada istibdod (“zulm”) davri boshlandi. Ad.: Miller A. F., Kratkaya istoriya Tursii, M., 1948; Novichev A. D., Tursiya. Kratkaya istoriya, M., 1965. Qahramon Rajabov.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan