ARVOHI PIR

ARVOHI PIR (Arabcha— ruhlar va fors — ustoz) — shogirdning mustaqil usta bo’lish uchun ustozning roziligini olish va o’tmish pirlar «arvohini shod etish» maqsadida o’tkazadigan ziyofati, yig’ini. Kosiblar an’anasiga ko’ra, Arvohi pirni yirikroq kasb ahllari, chunonchi ipakchilikda to’quvchilar, bo’yoqchilar, abrbandlar, shuningdek sartarosh, duradgor, novvoy, temirchi, sozanda va boshqalar beradilar. Arvohi pirda ayni kasbga tegishli hamma hunarmandlar (shogirdlar ham) va oqsoqol, devona oqsoqol, Eshonbobo va payki tariyqlar qatnashadi, boshqa kasb ahllaridan 1-2 tadan vakil (mehmon tariqasida) chaqiriladi. Arvohi pir beruvchi bularning hammasiga nonushta, tushki va kechki ovqatlar berib, ziyofat qiladi. Ziyofatga ustoz yoki shogirdning yaqinlari, boshqa kasb axllari sovg’a tariqasida yaxshi taomlar (issiq non, meva-cheva, ba’zan pishgan taomlar), kiyim-kechaklar ham olib keladilar. Ziyofat oxirida Arvohi pir beruvchining «Ustozdan fotiha olish marosimi» o’tkaziladi. Marosimda usta o’z shogirdiga bir do’konda ish tutish uchun yetarli asboblar sovg’a qiladi. Shogird ustoziga bosh-oyoq sarpo taqdim etadi. Shogird pirining yo’lini qabul etadi va Eshonbobo huzurida «kamarbasta» bo’ladi. Shu bilan shogird usta nomini oladi.