Virusologiya
Virusologiya (viruslar va …logiya) — viruslar haqidagi fan, biol. ning bir tarmog’i. Virusologiya tarixi 1892 yilda rus olimi D. I. Ivanovskiyning tamakida mozaika kasalligini vujudga keltiradigan mikroblarni aniqlashidan boshlanadi. 1893 yilda nemis bakteriologlari F. Leffler va P. Frosh qoramollarda oqsil (yashchur) kasalligini, 1901 yilda amerikalik Rid va boshqa sariq isitmani paydo qiladigan mikroblarni oddiy bakteriologik filtrdan o’tib ketishini aniqlashdi. «Virus» tushunchasi birinchi marta golland M. Beyerink (1898) va nemis genetigi E. Baur (1904) ishlarida uchraydi. 1911 yilda amerikalik F. T. Rous tovuqlarda xavfli o’sma paydo qiluvchi virusni topadi. Bakteriya viruslari (bakteriofaglar)ning topilishi, vaktsina virusini to’qimalar kulturasida undirish, virus zarralarini kumush bilan bo’yash metodlarining ishlab chiqilishi, tamaki mozaikasi virusini kristall holida ajratib olib, uning oqsil tabiatini, virus tarkibiga nuklein kislota kirishining aniqlanishi Virusologiyaning rivojlanishida katta rol o’ynadi. 20-asr o’rtalarida viruslarning tuzilishi elektron mikroskop yordamida va rentgenstruktura analizi metodi bilan tekshirila boshlandi. Virusologiya tekshirish ob’yektiga ko’ra qishloq xo’jalik, veterinariya va tibbiyot Virusologiyasiga bo’linadi. Virusologiyaning rivojlanishi molekulyar genetika bilan uzviy bog’liq. 1952 yil virus DNKsi,1956 yil vi rus RNKsi, 1955 yil virus zarralarining RNK va oqsildan o’z-o’zidan to’planishi hodisasi aniqlandi,1957 yil viruslar interferentsiyasi, DNK-sintezi kashf etildi. Zamonaviy Virusologiya umumiy va maxsus Virusologiyaga bo’linadi. Umumiy Virusologiya viruslarning tuzilishi printsiplari, ko’payishi, xo’jayin-hujayra o’rtasidagi munosabatlarning kelib chiqishi, viruslarning tabiatda tarqalishini o’rganadi. Molekulyar Virusologiya viruslar nuklein kislotalari tuzilishi va funktsiyasini, virus genlarining ekspressiyasi mexanizmlarini, organizmning viruslar qo’zg’atadigan kasalliklarga chidamligi tabiati va viruslarning molekulyar evolyutsiyasini o’rganadi. Maxsus Virusologiya odam, hayvon va o’simlik viruslari guruhlarini tadqiq qiladi. O’zbekistonda Virusologiya sohasidagi tadqiqotlar 20-asr o’rtalarida boshlangan. D. X. Vahobov, A. Yu. Abdukarimova, N. K. Tursumetova, M. Z. Isamuhamedov, V. Mirzahmedov va boshqalarning ishlari g’alla, g’o’za, sabzavot va boshqa ekinlar viruslarini ajratib olish, virus kasalliklarini aniqlash va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishga bag’ishlangan. So’nggi yillarda viruslarni interferon hosil qilish faolligini oshirish (A. Sayitqulov), gepatit virusi shtammlari va oqsillarining struktura hamda funktsiyalarini o’rganish va virusli kasalliklarning zamonaviy tashhisini ishlab chiqish (A. M. Ivanova) borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi. O’simlik viruslarini o’rganish sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlari O’zbekistan Fanlar Akademiyasi Mikrobiologiya institutipya, O’zMUning biologiya, tuproqshunoslik fakultetida, tibbiyot Virusologiyasi sohasidagi ishlar virusologiya instituti va tibbiyot oliy o’quv yurtlari kafedralarida olib boriladi.