Qo’shchi

Qo’shchi — qadimgi turkiy qabilalardan biri. 6-7-asrlarda Turk xoqonligi tarkibida bo’lgan. Mo’g’ullar istilosilarida Dashti Qipchoqqa kelib joylashgan. 16-asr boshlarida Shayboniyxon qo’shinlari tarkibida Movarounnahrga kelishgan. Ular Shayboniylar va Ashtarxoniylar davlatlarining boshqaruv tizimida faol ishtirok etganlar. Buxoro amirligi davrida Qo’shchilarning vakillari taxtga chiqarish marosimida ishtirok etishgan. 19-asr oxiri 20-asr boshlarida Qo’shchilar quyidagi urug’larga bo’lingan: qashg’arlik, to’qqiz-novcha, Shix-Sayod, moli. Ularning katta qismi Samarqand viloyatining Urgut, Jomboy tumanlari, shuningdek, Jizzax viloyatida ham yashagan. Qo’shchilar, asosan, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanib, 16-17-asrlar davomida o’troqlashib keyinchalik o’zbek xalqi tarkibiga singib ketgan. Qo’shchilarning ayrim guruhlari turkman, qirg’iz, qozoq va boshqirdlar tarkibiga kirgan.