Shotlandiya

Shotlandiya – Buyuk Britaniyaning ma’muriy-siyosiy qismi (tarixiy- geografik hudud). Buyuk Britaniya orolning shimoliy qismi va unga yondosh orollar (Gebrid, Orkni, Shetland)da joylashgan. Maydoni 78,8 ming km2. Aholisi 5 million kishidan ortiq (2000). Asosiy shahri — Edinburg. Ma’muriy jihatdan 9 rayon va orol hududga bo’lingan. Yer yuzasi, asosan, qir va tog’lar, qisman pasttekislik. Sohil bo’yi kambar pasttekislik. Iqlimi okean iqlimi. Daryo va ko’l ko’p. Hududining 2/1 qismi vereskli yalangliklar. Aholisining asosiy qismi shotlandlar. Shotlandiyada gellar shotland millatining o’ziga xos etnik guruhini tashkil qiladi. Shotlandiyaning qadimiy aholisi piktlar bo’lgan. 5-6-asrlarda Irlandiyadan skottlar ko’chib kela boshlagan. Shotlandiya nomi (5so11aps1 —skottlar mamlakati) shundan kelib chiqqan. 7-asrda Shotlandiya hududining Janubga angllar kelib joylashgan. 11-asrdan Shotlandiya qirolligi tashkil bo’ldi. 11-asrning 2-yarmida Shotlandiya Angliyaning normann bosqinchilari hujumiga uchradi. Shotland qiroli o’zini Angliya qirolining vassali deb tan oldi. 1296-1314 yillarda Shotlandiya Angliyaga qarshi mustaqillik urushini olib bordi. 1328 yil Angliya Shotlandiya mustaqilligini tan oldi. 16-asrda cherkovni isloh qilish harakati avj oldi. 1560 yil Shotlandiya parlamenti (1289-92 yillarda tashkil topgan) mamlakatda presviterianlik cherkovini ta’sis etish to’g’risida Kovenant — shartnomani e’lon qildi. 1603 yil Styuartlar sulolasi ingliz taxtida tasdiqlangach, Shotlandiya Angliya bilan shaxsiy ittifoq (uniya) sifatida birlashdi. 1651 — 52 yil rasmiy ravishda Angliyaga qo’shib olindi. 1707 yil Shotlandiya Angliya Ittifoqi to’g’risidagi hujjat qabul qilingach, Shotlandiya butunlay Angliyaga qo’shildi. Adabiyoti. Shotlandiyada gel tilida boy xalq og’zaki ijodi mavjud. 13-asrdayoq xalq balladalari, qo’shiqlari, bardlar asarlari paydo bo’lgan. She’riyat gel adabiyotining o’tgan davrlardagi ham, hozirgi zamondagi ham asosiy janridir (A.Makdonald, D.Makintayr 18-asr shoirlaridir). Mustaqillik uchun kurash (1296-1314) ingliz tilining shotland variantida vatanparvarlik she’riyatining rivojiga olib keldi (J.Barborning «Bryus», G.Menestrelning «Uolles» dostonlari va boshqalar). 15-16-asrlarda shotland she’riyatida umumeyvropa adabiyoti uchun mushtarak bo’lgan gumanistik g’oyalar aks etdi [qirol va shoir Yakov I (1394— 1437)ning «Qirol kitobi» dostoni, R.Xenrison (1430— 1506)ning «Kressida vasiyati» dostoni va masallari]. Uyg’onish davrshtt qaldirg’ochi G.Duglas (1474-1522) «qalb qiroli» (1516) dostonini yozdi. A.Skott (taxminan 1525-85) va A.Montgomeri (taxminan 1556-1610) gumanistik lirikaning yorqin namunalarini yaratishdi. 17-asr adabiyoti siyosiy va diniy kurash ohanglariga to’la bo’lsada, u o’tgan asrlardagidek baquvvat emas edi. 18-asr shoirlari A.Ramzey (1680-1758), R.Fergyuson (1750-74) o’z she’rlariga xalq she’riyatidagi hayotiylik va erksevarlikni olib kirdilar. R.Byornning o’ziga xos chuqur demokratik she’riyatida erksevar xalqning haqiqat va tenglik haqidagi orzulari o’z ifodasini topdi. 17—asrlardan boshlab ko’p shotland adiblari milliy koloritni saqlagan holda ingliz tilida ijod qildilar (U.Drammond, J.Bosuel, T.J.Smollet, L.Karleyl, M.Spark va boshqalar). 19- asr jahon adabiyotining buyuk vakili V.Skott yangi davr adabiyotidagi tarixiy roman janrining asoschisi bo’ldi. Kechki romantizm namoyandalaridan R.L.Stivenson (1850-94) tarixiy romanlari shuhrat qozondi. 20-asrning 20-yillaridan shotland uyg’onishi deb atalgan davr — she’riyatning gullagan davri boshlandi. Uning yorqin vakili Xyu Makdiarmid (1892-1978) bo’ldi. 1930-yillarda D.Allan, L.Gressika Gibon, J.Bleykning ijtimoiy mavzudagi romanlari yuzaga keldi. 1970-90 yillardagi mashhur adiblar: R.Jenkins, J.M.Braun, I.K.Smit. Me’morligi. Shotlandiya hududida urug’chilik tuzumi davrlariga mansub cho’ponlarning tosh kulba, yerto’la va tsilindrsimon minoralardan iborat qishloqlarining qoldiqlari saqlangan. O’rta asrlarda ilk xristianlik cherkovlari hamda murakkab geometrik va o’simliksimon naqshlar bilan uyg’unlashgan diniy mazmundagi tasvirlar ishlangan tosh butlar yaratildi. 12-asrdan roman uslubida binolar, 13-asrdan gotika uslubida ibodatxona va qo’rg’onlar bunyod etildi. 15-17-asrlarda qo’rg’onlar minorali saroylar shaklida qurildi. 18-asrda klassisizm uslubi shaharlarga hasham baxsh etdi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida kottejlarning yangi tiplari yaratildi va milliy an’analarda bezatildi (me’mor B.Skott va boshqalar). Me’mor Ch.R.Makintosh shotland moderni uslubida binolar yaratdi. 20-asr o’rtalarida turar joy majmualarini qurish rivojlandi (glazgo shahridavgi Toriglen turar joy majmuasi, 1955-56, me’mor J.O. Bent). Yo’ldoshshaharlar barpo bo’ldi. Tasviriy san’ati. Shotlandiyada tasviriy san’at milliy maktablari 18-asrning 2-yarmida shakllangan. Bu davr tasviriy san’ati g. Rebyorn, E. Geddes, P.Nesmit, J.Tomson, D.Uilki kabi romantik rassomlar ijodi bilan bog’liq. 19-asr Shotlandiya rassomligida portret, manzara va boshqalar janrlar keng yoyilgan. 20-asrda impressionizm an’analarida (U.Markgregor, U.Maktaggart), ekspressionizmga yaqin ruhda (S.Peplo, L.Xanter, J.Maksuell) asarlar yaratildi. 20-asrning 50-80-yillarida J.Erdli, R.Filipson kabi rassomlar samarali ijod qildilar. Xalq san’atida jun mato to’qish, yog’och o’ymakorligi, savat to’qish, rang-barang kulollik buyumlari tayyorlash va boshqalar rivoj topgan. Musiqa sarchashmalari mamlakat hududida qadimdan yashagan kelt, Skott, Brit, skandinav va boshqalar xalqlar musiqalaridan boshlanadi. Qadim zamonlardan 19-asrlargacha sayyor qo’shiqchi, musiqachilar xalqqa xizmat ko’rsatgan. Shotland qo’shiqlari pentatonika va boshqalar natural ladlarga asoslanadi. Ril, stretspey, Fling raqs turlari bor. Ashula va raqslar Arfa (12-asrdan), volinka (15-asrdan milliy musiqa cholg’usiga aylangan), skripka, Fidel (torli kamonchali) kabi cholg’ular jo’rligida ijro etiladi. Professional cherkov va dunyoviy musiqa 12-asrdan rivoj topa boshlagan. 12-asrda Stirlingda, 16-asrda Edinburgda Qirollik kapellasi tuzilgan. 16-asr 1-yarmida R.Karver, R.Jonson, D.Pibls, R.Duglas, A.Bekuell kabi kompozitorlar mashhur bo’lgan. 18-asrda Shotlandiya va Angliyada shotland musiqiy folkloriga qiziqish kuchaydi, shotland qo’shiqlari to’plamlari nashr etildi. Xalq qo’shiqlari asosida 1725 yil ilk opera (A.Ramzey, «Oliyjanob cho’pon») ijod qilingan. 19-asrda musiqa ta’limi rivojlandi: Edinburg universiteti huzurida musiqa kafedrasi (1839), Qirollik musiqa akademiyasi (1890) ochildi. 1929 yil Edinburgda Shotlandiya milliy musiqa akademiyasi tashkil etildi. Hozirgi kompozitorlik maktabining asoschisi A.Makenzidir (opera, oratoriya, kantata va boshqalar). 1970-80-yillarda kompozitorlardan S.Deyvi, R.Krouford, T.Masgreyn samarali ijod qildilar. Edinburgda konservatoriya, simfonik orkestr, xor ishlaydi. Glazgo shahri ham musiqa markazi hisoblanadi. 1947 yildan Edinburgda xalqaro musiqa va drama festivallari o’tkaziladi. Teatri. Shotlandiyada drama teatrlari 18-asrning o’rtalarida paydo bo’lgan (Glazgoda 3 teatr qurilgan). 1769 yil aktyor va rejissyor D.Ross Edinburgda «Royyal» teatrini tashkil etdi. 1883 yil «Liseum» teatri ochildi. 1782— 1863 yillar Glazgoda «Danlop strit tietr», 1805— 29 yillar «Kuin strit tietr», 1842-48 yillar «Adelfi», keyinchalik «Kuins tietr» va «Prins tietr» teatrlari ishladi. 1909 yil Glazgoda rejissyor A.Uering tashkil qilgan teatr milliy teatr san’ati rivojida muhim rol o’ynadi. Unda xorijiy va shotland dramaturglarining pesalari sahnalashtirildi. 1-jahon urushi boshlanishi bilan bu jamoa o’z faoliyatini to’xtatdi. 1921 yil «shotland milliy aktyorlari» truppasi tuzildi. 1930-yillarda bu truppa tarqalib ketdi, ammo uning faoliyatini Glazgodagi «Kyortn tietr» teatri (1933-40) davom ettirdi. 1943 yil Glazgoda fuqarolik teatri ochildi. 1970— 80 yillarda «travers tietr Klab» (Edinburg), «Klouz studia tietr» (Glazgo) teatrlari ishladi. Pert, Dandi, Pitloxri va boshqalar shaharlarda ham teatrlar bor. Shotlandiyaning mashhur teagr arboblari: M.Yurkvarg, D.Makre, J.Gibson, S.Bakster. Glazgo shahrida aktyor va rejissyorlarni tayyorlovchi drama kolleji bor.