Shimoliy Amerika

Shimoliy Amerika – G’arbiy yarim sharning shimoliy qismidagi materik, Amerika qitasining shimoliy yarmi. Shimoldan shimoliy Muz okeani chuqur kirib borgan Gudzon qo’ltig’i bilan, Sharq va Janubi sharqdan Atlantika okeani, g’arbdan Tinch okean va ularning qo’ltiqlari bilan o’ralgan. Chekka nuqtalari: shimolda Merchison burni (71°50 sh.k.), g’arbda Shahzoda Uels burni (168° G’.u.), Sharqda Sentcharlz burni (55°40° G’.u.), Janubda Panama bo’yni orqali Janubiy Amerika materigi bilan tutash. Shimoliy Amerikaga Markaziy Amerikani ham kiritadilar. Maydoni 20,36 million km2, orollari bilan 24,25 million km2. Yirik orollari: Grenlandiya, Kanada Arktika arxipelagi, Vestindiya va materikning g’arbiy qirg’oqlari yaqinidagi orollar: Aleut, Qirolicha Sharlotta, Vankuver va boshqalar yirik yarim orollari: shimolda — Butiya, Melvill, sharqsa — Labrador, Florida, Yukatan, g’arbda — Kaliforniya, Alyaska, Syuard. Tabiati. Shimoliy Amerikaning qirg’oqlari notekis parchalangan. Tog’li hududlar qirg’oqlari (Grenlandiya, Kanada Arktika arxipelagining Sharqiy qismi, Kanada va Alyaska Janubning tinch okean sohil qismi) nisbatan kuchli parchalangan bo’lib, muzliktektonik va muzlikerozion tiplarga mansub, Ford ko’p. 43° shahrik.dan janubda Atlantika okeani qirg’oqlari akkumulyativ, Laguna tipli, estuariy va Delta ko’p. Relefi va geologik tuzilishi. Materik yer yuzasi asimmetrik tuzilishga ega: g’arbiy qismi Kordilera tog’sistemasi, sharqi — keng tekisliklar va past tog’lardan iborat. Materik g’arbining o’rtacha balandligi 1700 metr, sharqida 200-300 metr chamasida. Shimoliy Amerikaning o’rtacha balandligi 720 metr. Shimoliy va shimoli Sharqda Lavrentiy qirlari, undan Janubda, asosan, AQSh hududidagi Markaziy tekisliklar g’arbda nisbatan baland (500-1500 metr) Buyuk tekisliklarga o’tib boradi. Ulardan shimolda Makenzi pasttekisligi joylashgan. Tekislik Janubi Sharqda Appalachi tog’lari bilan o’ralgan. Bu tog’lar Janubi g’arbdan shimoli sharqqa Nyufaundlend oroligacha cho’zilgan. Kanada Arktika arxipelagining Sharqiy qismi, Grenlandiyaning sohil qismi relefi ham tog’li. Tog’lar g’arbga tomon pasayib boradi va plato hamda pasttekisliklar bilan almashinadi. Materikning Janubiy Sharqiy chekkalari Sharqda Atlantikabo’yi pasttekisligi va Janubda Meksikabo’yi pasttekisligi kabi qirg’oqbo’yi pasttekisliklaridan iborat. Kordilera tog’lari shimoli g’arbdan Janubi sharqqa cho’zilgan Bruks, Makenzi, Qoyali tog’lar va Sharqiy Serramadre kabi bir qancha yoysimon tizmalardan iborat. Ulardan g’arbda balandligi 1000-2000 metr liichki yassitog’ (Yukon, katta havza va boshqalar) va platolar (Britaniya Kolumbiyasi, Kolumbiya, Kolorado) mintaqasi joylashgan. Yassitog’liklar supasimon tekisliklar, tizmalar va soyliklar (Ajal vodiysi — 85 metr) dan iborat. Yassitog’va platolar g’arbda Kordilera tog’larining eng baland tizmalariga tutash. Shimoliy Amerikadagi eng baland nuqta ham kordilera tog’larining Alyaska tizmasida (Makkinli cho’qqisi, 6193 metr). Meksika tog’ligidan Janubda Kordilera tog’lari ikki tarmoqqa ajralib, biri suv osti tizmalari va VestIndiya orollarini hosil qilib, Venesuela and tog’lariga, ikkinchisi Teuantepek va Panama bo’yinlari orqali and tog’lariga ulanib ketadi. Shimoliy Amerika relefi joyning geologik yoshi, kontinental rivojlanishi tarixiga qarab turlichadir. Lavrentiy qirlarining geologik strukturasi juda qadimgi, relefi paleozoy boshlaridan shakllangan. To’rtlamchi davrda muz bosishi natijasida qirning Markaziy qismi cho’kkan, Gudzon qo’ltig’i botig’i vujudga kelgan. Appalachi tog’larining relefi tog’jinslarini daryolar yuvib ketishi natijasida hoz. shaklini olgan. Arktika o.laridagi tog’lar mezokaynozoyda shakllangan. Grenlandiya orolda o’sha paytda otilib chiqqan bazaltlardan baland tog’lik hosil bo’lgan. qadimiy va hozirgi muzliklar relefning nihoyatda parchalanib ketishiga sabab bo’lgan. Aleut tizmasi, Vrangel massivi, Kaskad tog’lari vulkan otilishi natijasida hosil bo’lgan. Shimoliy Amerikaning Markaziy katta qismi hamda Grenlandiya orolning shimol va shimoli sharqidan boshqa joylari tokembriy davriga mansub Shimoliy Amerika (Kanada) platformasi joylashgan. Uni kaledon, gersin, mezozoykaynozoy yoshidagi tog’tizmalari o’rab olgan. Atlantikabo’yi va Meksika bo’yi pasttekisliklari mezozoy-kaynozoy jinslari bilan qoplangan paleozoy zaminli platformaning plitalaridir. Shimoliy Amerikada foydali qazilmalar aksari Kanada qalqoni va Kordilera tog’larida. Tokembriy Kanada qalqonida temir rudasining yirik konlari, sulfid, mis, nikel va uran rudalari, shuningdek, oltin va rangli metall konlari, chekka qismlarida neft va gaz hamda toshko’mir konlari ko’p uchraydi. Kordilera tog’larida oltin, kumush, mis, rux, qo’rg’oshin, molibden, simob, volfram rudalari keng tarqalgan, kamroq miqdorda temir rudasi topilgan. Qoyali tog’larda neft va gaz, fosforit konlari ochilgan. Iqlimi. Shimoliy Amerikada radiatsiya balansi 56° shahrik.dan shimolda 20 kkal/sm2, Janubda ko’payib borib, 30° shahrik.dan Janubda 60-80 kkal/sm2 ga teng. Materik hududining katta qismida havo oqimi g’arbdan sharqqa, faqat Janub, tropik kengliklarda shim.sharqdan Janubi g’arbga (passat) harakatlanadi. Kordilera tog’larining ichki platolarida antisiklonlar vujudga keladi. Tsiklon ortidan sovuq Arktika havosi Janub tomon ba’zan Meksika qo’ltig’igacha etib keladi. Tinch okean sohilida qishda havo iliq bo’ladi, yomg’ir va tog’li yerlarda qor yog’adi. Alyaskada, Kordilera tog’larining ichki platolarida va Kanadaning shim.g’arbida esa sovuq va quruq bo’ladi. Materikning Markaziy va Sharqiy qismlarida ob-havo tez-tez sovib turadi. Yozda materikka havo Meksika qo’ltig’idan kirib boradi va Markaziy hamda Sharqiy hududlarga ko’p yog’in yog’adi. Markaziy Amerika va vestindiyaga ekvatorial musson shamollari juda ko’p yog’in olib keladi. Materikning Janub qismida havo quruq va issiq bo’ladi, kuchli shamollar esadi. Katta havzada va Buyuk tekisliklarda tez-tez chang bo’ronlari bo’ladi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -36° dan (Kanada Arktika arxipelagining shimolda) 20° gacha (Florida yarim oroli janubi va Meksika yassitog’ligida). Eng past temperatura -64° (Alyaska va Kanadaning shimoli g’arbida), Grenlandiyada -70° tra kuzatilgan. Iyulning o’rtacha temperaturasi -4° dan (Kanada Arktika arxipelagi shimolda) 32° gacha (AQShning Janubi g’arbida). Eng yuqori temperatura ajal vodiysida 57° (G’arbiy yarim sharda eng yuqori) kuzatilgan. Eng ko’p yog’in Alyaskaning Janubi sharqida, Kanada g’arbida va AQShning shimoli g’arbida (yiliga 2000-3000 mm, ba’zi joylarda 6000 mm gacha) yog’adi. Materikning Janubi sharqida 1000-1500 mm, asosan, yozgi yomg’ir shaklida, Markaziy tekisliklarda 400-1200 mm, asosan, yozda, Kordilera tog’lari oralig’idagi subtropik va tropik vodiylarda 100— 200 mm gacha yog’in tushadi. Materikning 40-44° shahrik.dan shimoldagi tog’larda doimiy qor qoplami vujudga keladi. Shimoliy Amerika Arktika, subarktika, mo’tadil, subtropik, tropik va subekvatorial mintaqalarda joylashgan. Arktika mintaqasi shimoliy Muz okeani bo’yidagi hududlarni o’z ichiga oladi. Subarktika mintaqasiga G’arbdagi seryog’in, iliq qishli, salqin yozli hududlar kiradi. Mo’tadil mintaqaga (40° shahrik.dan shimolda) G’arbdagi juda sernam iqlim, Markaziy qismidagi ichki yassitog’liklarda keskin kontinental va Sharqda mo’tadil kontinental iqlim xos. AQSh Janubdagi subtropik mintaqa seryomg’ir qishli va quruq yozli o’rta dengizbo’yi, Sharqiy sohil qismida sernam mussonli iqlimga ega. Kaliforniya yarim oroli, Kaliforniya qo’ltig’i va Meksika qo’ltig’i sohillari iqlimi quruq, qolgan hududlarda sernam iqlim. Markaziy Amerikaning Janubiy qismini o’z ichiga olgan subekvatorial iqlim uchun sernam yozli issiq va qishi quruq iqlim xarakterli. Ichki suvlari. Shimoliy Amerika ichki suvlarga boy. Dunyodagi eng uzun daryo sistemalaridan biri — Missisipi daryosi (Missuri bilan birga 6420 kilometr) va eng katta chuchuk suv havzasi — Buyuk ko’llar shu materikda. Asosiy daryolari: SanLavrentiy, Makenzi, Yukon, Kolumbiya, Kolorado, Rio-Grande. Daryolarining o’rtacha yillik suv hajmi 8200 km3. Biroq suv Shimoliy Amerikada iqlim va orografik xususiyatlarga ko’ra notekis taqsimlangan. Daryolar yomg’ir, qor, muzliklar va grunt suvlaridan to’yinadi. Shim.dagi daryolar yiliga 8 oygacha muzlaydi. Materikning muzlik bosgan shimol qismida Vinnipeg, katta qullar ko’li, Katta ayiqli ko’l va boshqalar mavjud. Ba’zi ko’llar (Nikaragua va Managua) tektonik yo’l bilan hosil bo’lgan. Katta Havzada relikt ko’llar, sohillarda la- guna ko’llari, tog’larda vulkan ko’llari bor. Shimoliy Amerikadagi muzliklarning umumiy maydoni 2 million km2 (asosan, Grenlandiyada, shuningdek, Alyaska, Kanada Arktika arxipelagi, Kordilera tog’larida). Tuproq va o’simliklari. Tuprog’i juda xilma-xil: boreal va subtropik tuproq hosil bo’lish jarayonlari natijasida vujudga kelgan qutbiy mintaqa tuproqlaridan tropik mintaqa tuproqlarigacha mavjud. Kanada Arktika arxipelagining shimol orollari uchun quruq Arktika va tundra tuproqlari xos. Arxipelagning Janubiy va shimoliy Muz okeani sohillaridagi ko’p yillik to’ng yerlarda nordon, tundragleyli tuproqlar tarqalgan. Lavrentiy qirlarining markazida va Yukon yassitog’ligidagi soyliklarda muzlagan tayga tuproqlari podzol va torfgleyli tuproqlar bilan birga uchraydi. Buyuk ko’llar atrofi va Appalachi tog’larining shimolda sernam sharoitda shakllangan unumdor qo’ng’ir o’rmon tuproqlari tarqalgan. Buyuk tekisliklar g’arbiy qismining tuprog’i qora. Kashtan tuproqlar Buyuk tekisliklarda va Kolumbiya platosida katta maydonlarni egallagan. Quruq va continental iqlimli katta havzaning tuprog’i chala cho’lga xos sho’rlangan qung’ir tuproq. Materikning Janubi sharqida unumdor qizil va sariq tuproqlar ko’p uchraydi. Missisipi daryosining g’arbida qizg’ishqora, butazorli dashtlarda ko’ng’ir va bo’zqo’ng’ir, Meksika tog’ligining ichki qismida bo’z tuproqlar, Kaliforniya yarim orolida tropik cho’l tuproqlar. Kordilera tog’larining sernam yon bag’irlarida tog’qo’ng’iro’rmon tuproqlari, quruq yon bag’irlarda esa tog’ jigarrang tuproqlar tarqalgan. Shimoliy Amerika o’simliklari, asosan, golarktika flora oblastiga mansub, Meksika tog’ligining Janubiy qismi va Markaziy Amerika o’simliklari Neotropik flora oblastiga kiradi. Shimoliy Amerika o’simliklari ko’p jihatdan Yevrosiyonikiga o’xshash. Arktika sohillari tundra zonasiga kiradi. O’rmon zonasi materik hududining 1/3 qismini egallagan. Shimoliy Amerikaning ichki hududlari, o’rmondasht, dasht, chala cho’l va cho’ldan iborat. Dasht zonasining o’simliklari chalov, bug’doyiq, bizono’t va hokazolardan iborat. Buyuk tekisliklar Janubda quruq dashtlar subtropik savannalar bilan almashinadi. Markaziy va Buyuk tekisliklar hududi o’zlashtirilgan. Chala cho’l va cho’llar katta havza, Kolorado platosining Sharqiy qismi va Meksika qo’ltig’ining shimoli g’arbiga yondosh hududlarni egallagan. Tog’ tizmalari va platolarning baland joylari o’rmonlar bilan qoplangan. Tog’ tepalari Alp o’tloqlaridan iborat. Meksika tog’ligi va Florida yarim orolining Janub, Markaziy Amerika va Vestindiyada sernam tropik o’simliklar o’sadi. Tog’larning shamolga ro’para yon bag’irlarida tropik o’rmonlar, shamolga teskari yon bag’irlarda tropik savannalar, quruq o’rmonlar, sohillarda mangrazorlar bor. Shimoliy Amerikaning o’simliklari va tuproq qoplami insonlar tomonidan juda o’zgartirib yuborilgan. Hayvonot dunyosi. Shimoliy Amerikaning tropik qismidan boshqa joylarning faunasi Yevrosiyo faunasiga ko’p jihatdan o’xshash bo’lib, faqat Shimoliy Amerikaga xos bir qancha endemik turlarni o’z ichiga olgan Golarktika zoogeografik oblastiga kiritilgan. Shimol bug’usi, oq ayiq, qutb tulkisi, oq quyon, oq Yapaloqqush, kaklik tundra zonasi uchun xos. Qo’yho’kiz faqat Kanada Arktika arxipelagi shimolda va Grenlandiyada yashaydi. Tayga zonasida Los, bug’u, Amerika suvsari, qo’ng’ir ayiq, Kanada silovsini, rosomaxa, bobr, daraxt jayrasi, ondatra, qizil tiyin, katta uchqur tiyin eng ko’p uchraydi. Aralash o’rmonlarda Virginiya bug’usi, badbo’y, kulrang tulki, qizil silovsin, kulrang tiyin, Krot, olaxurjun, yerqazir, o’rmon sug’uri, yovvoyi kurka ko’p. Materikning subtropik qismida alligator, Kayman toshbaqalari, ibislar, qizil g’oz, saqoqushlar, kolibri, Karolina to’tisi, dasht va o’rmonlidasht zonasining hayvonlari (bizon, antilopa, mazam bug’usi, koyot, preriya tulkisi va boshqalar) yashaydi. Kemiruvchilar, bo’rsiq va qush ko’p. Kordilera tog’larining o’rmonli joylarida qor qo’yi, grizli ayig’i, qor echkisi, cho’ldasht landshaftli yassitog’liklarda sudralib yuruvchilar (kaltakesak, zaharli va bo’g’ma ilonlar) uchraydi. Markaziy Amerika, VestIndiya, qisman Meksika tog’ligining Janubiy Neotropik fauna oblastiga kiritilgan. Bu yerda zirhlilar, maymunlar, ko’rshapalaklar, kolibri, to’tilar, toshbaqalar, timsohlar, kaltakesaklar va boshqalar yashaydi. Shimoliy Amerika o’simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish uchun juda ko’p milliy bog’va qo’riqxonalar tashkil etilgan. Ulardan eng yiriklari: Yellouston, katta kanon, Yosemit, Banf, Jasper, sekvoyya, Evergleyds. Geografik tadqiqotlar tarixi. Normannlar Grenlandiyaga o’rnashib olgach, 11-13-asrlarda Nyufaundlend oroli, Labrador yarim orolining sohillari, shuningdek, Baffin dengizida 74° shahrik.gacha bordilar, lekin bu kashfiyotlar o’sha davrda yevropaliklarga ma’lum bo’lmagan. 1492-1503 yillarda X.Kolumb boshliq 4 ispan ekspedisiyasi Bagama orollari, Kuba, Gaiti, Kichik Antil, Puertoriko, Yamayka orollari hamda Gonduras, Nikaragua, Kostarika, Panama bo’yni sohillarigacha yetib bordi. 1497-98 yillarda J. va S.Kabot Shimoliy Amerikaning Sharqiy qirg’oqlari bo’ylab suzdilar. 1500-01 yillarda portugal G.Kortirial va 1504 yilda frantsuz dengizchilari SanLavrentiy qo’ltig’igacha kirdilar. 1513 yilda ispanlar Florida yarim orolini kashf qiddilar. 1609 yil frantsuz S.Shamplen Shimoliy Appalachi tog’lari, 1615-48 yillarda uning agentlari Buyuk ko’llargacha yetib bordilar. 1648 yil F. Popov va S.Dejnyov Chukotka dengizidan tinch okeanga o’tib, Shimoliy Amerika tor bo’g’oz orqali Osiyodan ajralib turganligini aniqladilar. Shundan so’ng Shimoliy Amerika ayrim qismlarining yevropalik sayyohlar va maxsus ekspedisiyalar tomonidan kashf qilinishi, o’rganilishi, mustamlakaga aylantirilishi 19-asrning 2-yarmigacha davom etdi. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida J.Pouell, J.Douson, A.Bruks va boshqalar amerikalik va kanadalik geologlar qoyali tog’lar, Lavrentiy qirlari, Yukon platosi, Alyaska tizmasi (Makkinli — eng baland cho’qqisi bilan), Bruks tizmalarini o’rganishini poyoniga yetkazdilar. Aholisi. Shimoliy Amerikaning hozirgi aholisi 3 yirik irq (mongoloid, yevropoid va negroid) vakillaridan iborat. Aholining katta qismini aralash irqiy guruhlar — metislar, mulatlar va boshqalar tashkil qiladi. Materik aholisining asosiy qismi 16-19-asrlarda Yevropadan va Osiyodan ko’chib kelgan muhojirlar, shuningdek, Afrikadan keltirilgan qullardan iborat bo’lgan. Ozroq qismini mahalliy aholi — indeyslar, eskimoslar va aleutlar tashkil etadi. Meksika va Markaziy Amerikaning materik qismidagi davlatlarning hozirgi aholisi ispanlarning mahalliy indeys qabilalari bilan aralashishi natijasida kelib chiqqan. Ular ispan tilida, AQShda ingliz tilida, Kanadada ingliz va frantsuz tilida gaplashishadi. AQShda amerikaliklardan tashqari yana bir guruh —qoratanlilar ko’pchilikni tashkil qiladi. Ular ingliz tilida gaplashadilar. Shunday qilib, ingliz tilli yirik xalqlarga — AQShdagi amerikaliklar va kanadaliklar, ispan tilli xalqlarga — meksikanlar, kubaliklar, Salvador- lar, puertorikanlar va boshqalar kiradi. Frantsuz tilli xalqlar gaitilar, martinikaliklar va gvadelupaliklardan iborat. Shimoliy Amerika aholisining ko’pchiligi diniy e’tiqodi bo’yicha xristianlikning katolik, protestantlik mazhablariga, shuningdek, yahudiylik, buddaviylik va boshqalar dinlarga mansub. Siyosiy bo’linishi. Shimoliy Amerikaning hozirgi siyosiy xaritasi ko’pgina davlatlarning mustaqillik uchun olib borgan kurashi va jahon tarixida ro’y berayotgan siyosiy va ijtimoiy o’zgarishlar natijasida vujudga keldi.