Xmelniskiy

Xmelniskiy (1954 yilgacha Proskurov) — Ukrainaning Xmelniskiy viloyatidagi shahar, viloyat markazi. Janubiy Bug daryosi bo’yida. Temir yo’l chorrahasi. Aholisi 254 ming kishiga yaqin (2004). Xmelniskiy 15-asrda istehkom sifatida vujudga kelgan (B. Xmelniskiy nomi bilan atalgan). 1793 yilgacha Polsha tarkibida, 1793 yildan Rossiya imperiyasida. Mashinasozlik (transformator kichik stansiyasi, temirchilik-presslash asbob-uskunalari, radioapparatura, priborlar ishlab chiqarish), qurilish materiallari (g’isht, temirbeton buyumlari zavodlari), oziq-ovqat (yog’sir, go’sht tarmoqlari), engil (poyabzal, tikuvchilik, trikotaj va boshqalar), kimyo va boshqa sanoatlar rivojlangan. Maishiy xizmat ko’rsatish texnologiyasi instituti, 2 teatr, filarmoniya, o’lkashunoslik muzeyi, rus rassomi G. S. Vereyskiy (1886— 1962) uymuzeyi mavjud.