Rus tili
Rus tili — rus xalqi tili, jahonda keng tarqalgan tillardan. Avval SSSRda, so’ng Rossiya Federatsiyasi va MDH da millatlararo va davlatlararo aloqa vositasi. Rus tili Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi 6 rasmiy tildan biri sanaladi. Ukrain va Belorus tillari bilan birgalikda hind-yevropa tillari oilasiga kiruvchi slavyan tillarining Sharqiy guruhini tashkil etadi. O’tgan asrning 80-yillaridagi ma’lumotlarga ko’ra, Rus tilida so’zlashuvchilarning umumiy soni 250 million kishidan, jumladan, hozirgi Rossiya Federatsiyasi va MDH mamlakatlarida 185 million kishidan iborat. Bundan tashqari, mazkur hududlardagi 60 milliondan ortiq kishi Rus tilida erkin so’zlasha oladi. Rus tili juda uzoq va murakkab rivojlanish tarixiga ega. Eng qadimgi rus adabiy tili Kiyev Rusida shakllangan bo’lib, u 14-asrgacha Sharqiy slavyanlar uchun umumiy til hisoblangan. 14-15-asrlarda qadimgi Rus tili 3 tilga — velikorus (rus), ukrain va Belorus tillariga bo’linib ketadi. Shu davrdan boshlab Rus tili boshqacha aytganda, velikorus tili markazi Moskva bo’lgan Rus davlati hududida rivojlana boshlaydi. Rus tili lahja va shevalari 2 ga: shimol velikorus («o» lovchi) va Janubiy velikorus («a» lovchi) guruhlariga bo’linadi; o’rta rus shevalari mazkur har ikkala guruh xususiyatlarini o’zida aks ettiradi. 16— 17-asrlarda shimol va Janubiy lahjalar chegarasida bo’lgan Moskvada o’ziga xos koine (umumiy laxja) shakllanib, u namunali tilga aylanadi. Qadimgi Rus tili xususiyatlarini saqlab qolgan adabiy til bilan so’zlashuv tili o’rtasida sezilarli tafovutlar paydo bo’lib, 17-asrdan boshlab rus millati va rus milliy tili shakllana boshlaydi. 17-asr oxiri —18-asr boshidagi adabiy til boy va ifodali, ko’plab g’arbiy yevropa o’zlashmalariga ega esada, barqaror bo’lmagan. Uni tartibga solish va barqarorlashtirishda M. V. Lomonosovning xizmatlari katta bo’lgan. 19-asr boshlarida adabiy tilning xalqchilligi bosh muammo hisoblanib, bu muammoning yechimida I. A. Krilov, A.S. Griboedov, ayniqsa, A. S. Pushkin ijodi alohida o’rin tutadi. Ayni Pushkin ijodida umummilliy rus adabiy tilining shakllanishi yakun topadi. Pushkinning buyuk xizmati shundaki, uning ijodida adabiy Rus tilining umummilliy me’yorlari ishlab chiqilgan va mustahkamlangan hamda bu me’yorlar Pushkinning zamondoshlari va undan keyingi avlod tomonidan qabul qilingan. Adabiy tilning boyishiga 19-20-asrlardagi rus adabiyotining mumtoz vakillari ulkan hissa qo’shdilar; 19 asrning 2-yarmidan boshlab uning rivojlanishiga yozuvchilar bilan bir qatorda jamoat arboblari, fan va madaniyat namoyandalari ham katta ta’sir ko’rsatib kelmokdalar. Oktabr to’ntarishidan so’ng o’zgacha ijtimoiy tuzum hamda fan va texnikaning rivojlanishi tufayli Rus tilida, ayniqsa, uning leksikasida sezilarli o’zgarishlar paydo bo’ldi, adabiy tilning umumiy demokratlashuvi kuchaydi. Rus tili flektivsintetik tillardan bo’lib, unda 3 ta grammatik jins kategoriyasi, otlarning 3 xil turlanishi, fe’llarning 2 xil tuslanishi mavjud; ko’makchilar predlog ko’rinishida, ya’ni o’zi bog’lanadigan so’zlar oldidan joylashadi. Hozirgi rus alifbosi Kirill yozuvi (kirillitsa)ga asoslangan. Unda bitilgan eng qadimgi yodgorliklar 11-asrga taalluqlidir. 20-asr o’rtalaridan boshlab butun jahonda Rus tilini o’rganish keng tarqaladi. Rus tili dunyodagi 100 dan ortiq mamlakatda o’qitiladi. 1967 yilda rus tili va adabiyoti o’qituvchilarining xalqaro assotsiatsiyasi, 1973 yilda A. S. Pushkin nomidagi rus tili instituti tashkil etilgan. Sho’ro davrida O’zbekistonda va MDHning bir qancha mamlakatlarida Rus tilini o’qitisho’rgatishga alohida e’tibor berilgan, hatto bu jarayon majburiy asosda olib borilgan. Hozirgi paytda ham respublikamizda Rus tilini o’rgatish, avvalgiday majburiy bo’lmasada, o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Ad.: Vinogradov V. V., Russkiy yazik. Grammaticheskoe uchenie o yazike, 2 izd., M., 1972; Russkaya grammatika, t., 1-2, M., 1980. Abduvahob Madvaliyev.