Ruderal g’o’zalar
Ruderal g’o’zalar, g’o’zaning ruderal shakllari, g’o’zaning yarim yovvoyi shakllari — yovvoyi g’o’zadan madaniy-tropik g’o’zaga o’tgan shakllar; madaniy- lashtirilgan g’o’zaning ikkinchi evolyutsion shakli. Ular g’o’zaning ibtidoiy (primitiv) shakllaridan o’sish joyining o’zgarishi natijasida paydo bo’lgan. Ruderal g’o’zalar tolasi yuqori sifatli (ko’pincha oq), barglari va chigitlari yirik bo’lib, odamlar yashaydigan joylarga yaqin yerlarda yarim yovvoyi holda o’saveradi. Har bir madaniylashtirilgan g’o’za turining o’ziga xos ruderal shakllari mavjud (Meksika g’o’zasida nuqtali g’o’za kenja turi, Afrika-Osiyo g’o’zasida soxta arboreum kenja turi va hokazolar). Barcha Ruderal g’o’zalar polimorfizmning ma’lum darajada o’zgaruvchanligi, tezpisharligi, chigitining tuklanishi, katta-kichikligi, bargi hamda ko’sagining shakli va hokazolar bilan ajralib turadi. Ruderal g’o’zalar orasida amaliy selektsiya uchun qimmatli shakllari mavjud, masalan, Meksika g’o’zasining Hopi (Xopi) shakli chigitida gossipol moddasi kam yangi g’o’za navlarini yaratishda asos bo’lib xizmat qilgan. Abdumavlon Abdullayev.