Rif Respublikasi
Rif Respublikasi — shimoliy Marokashdagi tog’li rif viloyati qabilalarining harbiy-siyosiy birlashmasi. Rif qabilalarining 1921-26 yillardagi ispan va frantsuz mustamlakachilariga qarshi milliy ozodlik urushi jarayonida tuzilgan. Oliy qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat — Milliy Majlis bo’lgan. Unga Prezident Abdulkarim rahbarlik qilgan. Hukumat a’zolari 5 kishidan iborat bo’lgan. Qoidlar ichki ishlar vazirligiga va qabila ishlarini nazorat qiluvchi Respublika Kengashiga bo’ysungan. Aholidan olingan soliqlar, asosan, armiyaga sarflangan. Rif Respublikasi ispan va fransuz qo’shinlariga uzoq vaqtgacha zarba berib kelgan. Biroq ularning birgalikda qilgan hujumlariga bardosh berolmay mag’lub bo’lgan (1926 yil 27 may).