Rixter Svyatoslav Teofilovich

Rixter Svyatoslav Teofilovich [1915.7(20).3, Jitomir] — rus pianinochisi. Xalq artisti (1961), mehnat qahramoni (1975). 20-asr musiqa ijrochilik san’atining atoqli namoyandasi, ulkan ijodiy qudrat, yorqin o’ziga xosligiga ega san’atkor. Musiqadan ilk saboqlarni otasidan olgan. Moskva konservatoriyasini tugatgan (1946). Ijodiga yuksak badiiy ta’sirchanlik, teran mazmundorlik va badiiy yaxlitlik xos. Nihoyatda keng repertuaridan mumtoz va 20-asr kompozitorlari asarlari o’rin olgan. 1934 yilda ilk yakka kontsert bergan. 60 yillik ijrochilik faoliyati davomida Yevropa, Osiyo (jumladan, bir necha marta O’zbekistonda ham), Amerika mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. Davlat mukofoti (1950), Rossiya Davlat mukofoti (1995) laureati.