Riu-grandi-dusul
Riu-grandi-dusul — Braziliyaning chekka Janubiy qismidagi shtat, Atlantika okeani sohilida. Maydoni 282 ming km2. Aholisi 10,2 million kishi (2000). Ma’muriy markazi — Portuallegri shahri. Yirik shaharlari: Pelotas, Riu-Grandi, Santamariya. Shtat shimoliy Braziliya yassitog’ligining pastroq Janub qismidan, Janub tekislikdan iborat. Atlantika okeani qirg’oqlari bo’ylab cho’zilgan kambar pasttekislikda ko’l ko’p. Iqlimi subtropik, nam iqlim. O’rtacha oylik temperaturalar 15-25°, yillik yog’in 1250 mm dan 2000 mm gacha. Savanna, shimolda subtropik o’rmonlar bor. Riu-grandi-dusul mamlakatning muhim qishloq xo’jalik rayoni. Shtat donli ekinlar: bug’doy, sholi yetishtirish bo’yicha mamlakatda yetakchi o’rinda. Shuningdek, makkajo’xori, kartoshka, loviya, manioc ekiladi. Tokchilik, bogdorchilik, asalarichilik, ipakchilik rivojlangan. Chorvachilikda qoramol, cho’chqa, qo’y boqiladi. Paragvay choyi teriladi. Baliq ovlanadi. Mis, toshko’mir konlari bor. Oziq-ovqat, to’qimachilik, ko’npoyabzal, yog’ochsozlik, tsellyulozaqog’oz, keramika sanoatlari rivojlangan. Qishloq xo’jalik mashinalari ishlab chiqaruvchi, farmatsevtika korxonalari bor.