Radiatsion kimyo
Radiatsion kimyo — kimyoning ionlovchi nurlar ta’sirida moddada yuz beradigan kimyoviy jarayonlarni o’rganadigan sohasi. Kimyoviy jarayonlarni ionlovchi nurlar ta’sirida yuzaga kelishi ularning moddalar molekulalarini ionlash va qo’zg’atishi bilan bog’liq. Radiatsion kimyo 1865-96 yillarda paydo bo’ldi. Radiatsion kimyodagi dastlabki kuzatish ishlari nurlarning fotografiya plastinkasiga ta’sir etib qoraytirishidan boshlandi. Ko’p o’tmay radiy nurlarining suvni kislorod va vodorodga parchalashi ma’lum bo’ldi. Radiatsion kimyo rivojining keyingi bosqichi yadro reaktorlarining kashf etilishi bilan bog’liq bo’lib, 40-yillardan kimyo fanining mustaqil sohasi sifatida shakllandi. Atom energetikasida ishlatiladigan har xil materiallarga turlicha nurlar ta’siri o’rganildi. Atom reaktorlarining ishlatilishi va yadro yoqilg’isining qayta ishlanishi suvning parchalanish jarayonlarini, yuqori radioaktivlikka ega bo’lgan texnologik aralashmalardagi kimyoviy o’zgarishlarni tushuntirib berishni talab qildi. 50-yillar oxirida radiatsion kimyoviy reaktsiyalar ilmining kengayishi va yadro nurlari manbalarining kashf etilishi munosabati bilan ba’zi kimyo-texnologiya jarayonlarini (kimyoviy birikmalarni parchalash, uglevodorodlarni oksilash, organik monomerlarni polimerlash) nurlar ta’sirida amalga oshirish imkoniyati tug’ildi. Radiatsion kimyo texnologiyasi maqsadlarida gamma uskunalari va elektron tezlatkichlar ishlatiladi. Yuqori energiyali elektromagnit nurlar — rentgen nurlari, unurlar, katta energiyali korpuskulyar nurlar — tezkor elektronlar, neytronlar, protonlar, deytronlar, azarrachalar, og’ir yadro bo’linishi parchalari, yadro reaksiyalarida hosil bo’ladigan tepki yadro (zarrachalar), tezlashtirilgan ko’p zaryadli ionlar oqimi ionlovchi nurlarga taalluqlidir. Nurlarning kimyoviy ta’siri samaradorligi, odatda, radiatsion-kimyoviy mahsul bilan aniqlanadi. Radiatsion-kimyoviy mahsul miqdori G harfi bilan belgilanadi. Radiatsion-kimyoviy mahsul deb, kimyoviy sistemada 100 ev ionlovchi nurlarni yutish evaziga hosil bo’ladigan zarralar (molekulalar, ionlar va erkin radikallar va hokazolar)ning absolyut miqdoriga aytiladi. Oddiy reaktsiyalar uchun G ning qiymati 1 dan 20 gacha bo’lsa, zanjir reaktsiyalar uchun bir necha o’n ming molekula bo’lishi mumkin. Ba’zi kimyoviy sistemalarda yuz beradigan radiatsion kimyoviy jarayonlarda kimyoviy dozimetrlar (masalan, temirsulfatli, tseriysulfatli dozimetrlar)dan foydalaniladi. Radiatsion-kimyoviy sintezda kimyoviy sistemalarga nur ta’sir ettirib yangi kimyoviy moddalar olinadi. Ionlovchi nurlar zanjirli jarayonlarni inisirlashda keng qo’llanadi. Bunga xlorlash, sulfirlash, oksidlash, sulfoxlorlash, sulfoksidlash, qo’sh bog’larga birikish va boshqa zanjirli mexanizm bo’yicha boradigan boshqa radiatsion-kimyoviy sintez jarayonlari kiradi. Radiatsion initsirlashning katalitik yoki fotokimyoviy inisirlashga qaraganda bir qancha afzalligi bor: sistemaga inisirlovchi moddalar qo’shish va temperaturani ko’tarish zarurati yo’qoladi, ko’pgina zanjirli jarayonlarning yong’in va portlash xavfi bilan bog’liq bo’lgan bir qancha texnik talablarini amalga oshirish mumkin bo’ladi. Laboratoriya tadqiqotlari ionlovchi nurlarning bir qator elementorganik birikmalarni, masalan, fosfororganik va qalayorganik birikmalarni sintezlashda yaxshi natija berishini ko’rsatdi. Polimerlarni radiatsion modifikatsiyalash va kauchuklarni vulkanizatsiyalash jarayonlari Radiatsion kimyoning mustaqil sanoat tarmog’i hisoblanadi. Radiatsion termik vulkanizatsiyalash shinalarning sifatini ancha yaxshilaydi. Radiatsion kimyoning keyingi rivoji bir qator fan va texnika sohalari bilan chambarchas bog’liq. Yadro fizikasi, atom energetikasi, kosmik tadqiqotlar va boshqalar shular jumlasidandir. Ad.: Pikaev A.K. Sovremennaya radiatsionnaya ximiya, t. 1-3, M., 1986. Saidahmad Xo’jayev.