Rable (Rabelais) Fransua
Rable (Rabelais) Fransua (1494, Turen, Shinon shahri yaqinida — 1553.9.4, Parij) — frantsuz yozuvchisi. Jahon adabiyotida komik janrning buyuk namoyandasi. Yoshligida monax bo’lib, 1527 yil monastirni tark etgan va huquq, topografiya, arxeologiya, tibbiyotni o’rgangan, shu sohalar bo’yicha bir qancha ilmiy asarlar yaratgan; 1537 yil tibbiyot Doktori bo’lgan. Rable 5 qismdan iborat dunyoga mashhur asari — «Gargantyua va Pantagryuel» romanining 4 qismini 1533-53 yillarda yozib nashr ettirgan, asarning 5-qismi esa Rabledan qolgan materiallar asosida noma’lum muallif tomonidan 1564 yilda yaratilgan. Rablening bu romani Uyg’onish davri frantsuz madaniyatining, o’sha davr diniy va siyosiy hayotining, falsafiy, pedagogik va ilmiy tafakkurining, ijtimoiy hayot va ma’naviy intilishlarining chinakam badiiy entsiklopediyasi hisoblanadi. Asarda yozuvchi xayoliy mamlakat va personajlarni, o’ta mubolag’ali voqealarni tasvirlashda hazil, mazax, istehzo va hokazolardan foydalangan. O’rta asr asketizmiga, munofiqlikka qarshi qarashlarini, o’z davrining gumanistik ideallarini xalq og’zaki ijodi ruhidagi va bo’rttirma obrazlar (Gargantyua, Pantagryuel kabi devqomat odamlar va haqiqat izlovchi Panurg) orqali ifodalagan. Ushbu roman Lafonten, Moler, R. Rollan ijodiga ta’sir ko’rsatgan. Romanning qisqartirilgan tarjimasi o’zbek tilida nashr qilingan. As: Gargantyua va Pantagryuel, T., 1970.