Rezonans
Rezonans (lotincha resono — akssado beraman, javob beraman) — tebranish (elektr, mexanik) konturida majburiy tebranish amplitudasi eng yuqori (maksimum) qiymatga yetganda sodir bo’ladigan hodisa. Masalan, tizimning barcha parametrlari o’zgarmas va bu tizim xususiy tebranish chastotasi tashqi kuch davri sinusoidal bo’lsa, ya’ni tizim xususiy tebranish chastotasi tashqi kuch chastotasiga mos kelsa, Rezonans hodisasi ro’y beradi. Rezonansning foydali va zararli tomonlari bor (masalan, radiotexnikada foydali bo’lsa, inshootlarda zararli). Rezonans fizikada ko’p uchraydi (to’lqinlar Rezonanssi, kuchlanish Rezonanssi, toklar Rezonanssi). Tebranish konturida tok kuchi faza jihatdan tashqi elektr yurituvchi kuchga teng kelib qolgan hollarda ham Rezonans ro’y beradi. Rezonans aksariyat tabiatda kuzatiladi. Barcha inshootlar, binolar va mashinalar o’z xususiy tebranishlariga ega. Shuning uchun tabiatda yuz beradigan davriy tashqi ta’sirlar ularda Rezonansni paydo qilishi mumkin. Masalan, ko’prik ustidan poyezd o’tganda yuz beradigan davriy zarb (silkinish) kuchlari ta’sirida Rezonans paydo bo’ladi. Rezonans hodisasi ko’prik, poydevor, mashinalarga zararli ta’sir qiladi, hatto ularni buzib yuborishi ham mumkin. Shuning uchun Rezonansga qarshi maxsus tadbirlar ko’riladi, zarblarni yumshatkichlar, amortizatorlardan foydalaniladi. Radiotexnikada Rezonans radiostantsiyaning bir xil (zarur) signallarini boshqa (xalaqit) signallaridan ajratib olishga imkon beradi.