Rahimov Akbar Muhiddinovich
Rahimov Akbar Muhiddinovich (1949.1.1, Toshkent) — kulol, Toshkent kulollik maktabining namoyandasi. O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademik (1997), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1991). Toshkent politexnika instituti (1971) va Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (1979)ni tugatgan. Rahimov otasi Muhiddinlirgshovdan hunar o’rgangan; Rahimov ijodida Toshkent kulollik maktabi an’analari (ayniqsa, «chizma» usuli) rivojlantirilgan hamda milliy kulollik san’atining ko’p asrlik yutuqlari, shakl-shamoyili, rang, sir, naqshlar ijodiy o’zlashtirilib boyitilgan. An’anaviy kulollikning kosagarlik va Ko’zagarlik soxalarini qo’shib olib boradi: lagan, likobcha, kuza, kosa, piyola, xumcha, guldon va boshqalar; shu buyumlardan iborat to’plam (serviz)lar tayyorlaydi, yangi zamonaviy manzarali kulollik asarlari ham yaratadi: «mashrafa» guldonlari, «ko’pbarg», «Dastagul» nusxali shokosalar, «Qirg’ovul» palov servizi (1984-85), «Uchta vaza» (1990), «shobarg», «Guli anor», «Guli uram», «gulsafsar», «karnaygul» laganlari, «qushlar uyini» namoyoni (1979), «Anor sharbati» favvorasi (1982), panjara va vitrajlari (1988), mo’ri (1990) va boshqalar. Rahimov 1966 yildan respublika va xalqaro ko’rgazmalarda ishtirok etadi, shaxsiy ko’rgazmalari tashkil etiladi. Ishlaridan namunalar respublika va xorijiy mamlakatlar muzeylari, xususiy kollektsiyalarda saqlanadi. Rahimov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (2000). Rahimovning o’g’li Alisher Akbarovich (1975.24.6, Toshkent), buvasi usta Muhiddin va otasidan hunar o’rgangan; an’anaviy uslubda ijod qilib an’anaviy badiiy buyumlar (ko’za, lagan, xumcha, shokosa va boshqalar)ni o’ziga xos tarzda tayyorlab, Toshkent kulolligining rivojiga hissa qo’shmoqda. «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan (2002).