Rahimov Matyoqub Rahimovich
Rahimov Matyoqub Rahimovich (1918.25.10, Xiva tumani Gandimiyon qishlog’i — 1993.18.8, Urganch) — xonanda (lirik-dramatik tenor) va aktyor. O’zbekiston xalq artisti (1967). Urganch pedagogika institutini tugatgan (1940). Keng diapazonli, jarangdor va tembr bo’yoqlariga boy ovoz sohibi. O’rta maktab o’qituvchisi (1940— 42 va 1943-48). 2-jahon urushi qatnashchisi (1942-43). Xiva teatri direktori (1947), Ogahiy nomidagi Xorazm viloyati teatri aktyori va yetakchi xonandasi (1948-78). Musiqali spektakllarda bir qancha obraz yaratgan: Alpomish (S. Abdulla, T. Jalilov; «Alpomish»), Haydar (K. Yashin, T. Jalilov, G. Sobitov, «Nurxon»), Qays (Xurshid, T. Sodiqov, R. Glier, «Layli va Majnun»), g’arib (Yu. Yusupov, A. Otajonov, «oshiq g’arib va Shohsanam»), Mahtumquli (Q.Matrizaev, A. Otajonov, «Mahtumquli») va boshqalar. Repertuaridan X. Bobojonov hamnafaslikda ijro etgan «maqomi Dugoh», «nasri Chorgoh», «talqini Navo», «Ufari Navo» kabi Xorazm maqom yo’llari, «Suvora» va «Feruz» turkumlari, A. Otajonovning «loyiq», «ko’p sog’intirma», «Shartingni ayt» kabi ashulalari o’rin olgan. Rahimov haqida «Matyoqub Raximov» (O’zkinoxronika studiyasi, 1978) nomli film suratga olingan.