Ratsionalizatorlik

Ratsionalizatorlik — texnika vositalari, ishlab chiqarish texnologiyasi, mashina detallari, tayyor mahsulot va boshqalarni takomillashtirishga doir yangi texnik yechimlar hamda takliflarni ishlab chiqish bilan shug’ullanish. Ratsionalizatorlikning ixtirochilikdan farqi shundaki, u muayyan ishlab chiqarish, korxona bilan, biron-bir texnologiya, mashina va qurilmaga yangilik kiritish bilan bog’liq bo’ladi, Ratsionalizatorlik aniq bir mashina, texnologik jarayon, detal va boshqalarni takomillashtirishga, ish unumdorligini oshirishga, ishlab chiqariladigan mahsulot sifatini yaxshilashga qaratiladi. Masalan, paxta terish mashinasining asosiy paxta terish organi — shpindelini takomillashtirishga doir taklif Ratsionalizatorlik taklifi hisoblanadi. Ratsionalizatorlik taklifi berish shartlari, uni muhofaza qilish tartibi O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan 1994 yil qabul qilingan qonunda belgilab qo’yilgan. Ratsionalizatorlik uchun guvohnoma berish ishlari O’zbekiston Respublikasi patent idorasi tomonidan amalga oshiriladi.