Radiostantsiya

Radiostantsiya (radio… va stantsiya) — axborotlarni radioto’lqinlar yordamida uzatish yoki qabul qilish uchun mo’ljallangan texnik qurilmalar va apparatlar majmui. Radiostantsiyada radiouzatkich, radiopriyomnik, antennalar, tok manbai va sovitish qurilmalari, kabel yoki havo liniyalari, boshqarish punktlari va boshqalar bo’ladi. Uzatuvchi, qabul qiluvchi va qabul qiluvchi-uzatuvchi Radiostantsiyalar bor. Uzatuvchi Radiostantsiya radioeshittirish (kontsertlar, spektakllar va boshqalarni bir tomonlama uzatish uchun), televizion (televideniye dasturlarini uzatish uchun), magistral radioaloqa (telegraf va telefon apparatlari yordamida radioaloka o’rnatish uchun) hamda maxsus (radionavigatsiya, radioastronomiya va boshqalar uchun) xillari bor. Ultraqisqa, qisqa, o’rta va uzun to’lqinlarda ishlaydi. Unda faqat radiouzatkich bo’ladi (radiopriyomnik bo’lmaydi). Uzatuvchi televizion Radiostantsiyada ikkita radiouzatkich bor: biri tasvirni, ikkinchisi tovushni uzatadi. Qabul qiluvchi Radiostantsiya uzatuvchi Radiostantsiya signallarini qabul qiladi. Asosiy qismlari: antenna va radiopriyomnik. Muqim (stasionar) va ko’chma xillari bor. Odatda, ko’chma Radiostantsiya radiouzatkich bilan birga ishlatiladi. Qabul qiluvchi-uzatuvchi Radiostantsiya ikki tomonlama aloqa qilishga imkon beradi. Asosiy qismlari: antenna, radiouzatkich, radiopriyomnik, tok manbai va qo’shimcha qurilmalar. Signallarni galmagal uzatadigan va qabul qiladigan (simpleks) hamda bir vaqtda uzatib qabul qiladigan (dupleks) muqim va ko’chma xillari bor. Ko’chma Radiostantsiya avtomobil, samolyot, kema va boshqalarga o’rnatiladi. Muqim Radiostantsiya maxsus binoga joylashtiriladi.