ASINXRON RAQAMLI MASHINA

ASINXRON RAQAMLI MASHINA (Yunoncha a — manfiy zarra va syncbunos — bir vaqtda) — har bir operatsiyaning boshlanishi oldingi operatsiyaning tugallanishi haqidagi signal bilan aniqlanadigan hisoblash mashinasi. Amallarni asinxron tarzda, ya’ni qancha kerak bo’lsa, shuncha takt bilan bajaradi. Taktda bajariladigan amallarning bajarib bo’linishiga qarab taktning davomiyligi ham har xil bo’lishi mumkin. Boshqaruv qurilmasi mashina bloklari va qurilmalari bilan buyruq (komanda) va javob shinalari tizimi orqali bog’langan. Boshqarish qurilmasi tomonidan biror buyruq shinasi orqali berilgan impuls shu qurilma yoki blokka o’z vazifalaridan birini bajarish uchun buyruq xizmatini o’taydi. Masalan, biror buyruq shinasidan kelgan impuls bir registrdan ikkinchisiga kodni uzatadi, boshqa shinadan kelgan impuls esa registrlarni «0» (nol) vaziyatga keltirib qo’yadi. Mashinada shunday alomatlar hosil bo’ladiki, bular tufayli boshqaruv qurilmasi ishlash tartibini o’zgartirishi mumkin. Mashina qurilmalari va bloklaridan biror belgining hosil bo’lgani haqidagi signallarni javob shinalari uzatadi. Asinxron mashinalarda javob shinalari, shuningdek mashinaning biror qurilmasi o’z vazifasini bajarganligi va kelgusi taktni boshlash mumkinligi haqida boshqaruv qurilmasiga signal ham yuboradi.