ASINXRON ELEKTR MASHINA
ASINXRON ELEKTR MASHINA – rotorining aylanish chastotasi statorining magnit maydoni aylanish chastotasiga mos kelmaydigan o’zgaruvchan tok elektr mashinasi. Asosiy qismlari: staninaga o’rnatilgan po’lat o’zak va o’zakka o’ralgan chulg’amlardan iborat stator hamda o’qqa o’rnatilgan va ariqchalariga chulg’amlar joylashtirilgan po’lat o’zakdan iborat rotor. Rotor o’zagi ham, stator o’zagi ham po’lat plastinalardan yig’iladi. Chulg’amlarning bir-biriga o’zaro ulanishi va manbadan tok bilan ta’minlanishi usuliga ko’ra stator bir, ikki, uch va ko’p fazali qilib tayyorlanishi mumkin. Uch va ko’p fazali chulg’amlar o’zaro yulduzcha, uchburchak va ko’pburchak shaklida ulanadi. Chulg’amlarining tayyorlanishiga ko’ra, rotor qisqa tutashtirilgan va fazarotorli xillarga bo’linadi. Stator bilan rotor orasidagi havo tirqishi iloji boricha kichik (0,025 millimetrgacha) qilinadi. Asinxron elektr mashina rotorining aylanish chastotasi stator magnit maydonining aylanish chastotasiga bog’liq bo’ladi va iste’mol qilinadigan tok chastotasi hamda mashinaning juft qutblar soni bilan aniqlanadi. Sirpanish (siljish) qiymatiga qarab, Asinxron elektr mashinani asinxron elektr dvigatel va asinxron generator sifatida ishlatish mumkin.