ASKARIDALAR

ASKARIDALAR (Ascarididae) – to’garak chuvalchanglar oilasi. Umurtqali hayvonlar va odam ichagida parazitlik qiladi. 9 urug’ni o’z ichiga oladi. Tipik urug’i (Ascaris)ga 18 turi kiradi. Odatda odam askaridasi (A. Lumbricoides) va cho’chqa askaridasi (A. suum) ko’p uchraydi. Odam askaridasi erkagining uzuligi 15 — 25 santimetr, urg’ochisi 25 — 40 santimetr. Bir sutkada ichakka 200 mingdan ortiq tuxum qo’yadi. Tuxumlari axlat bilan tashqi muhit (tuproq yoki suv) ga tushadi. U yerda yetilgan tuxum sabzavot va mevalar orqali yana ichakka tushadi. Tuxumdan chiqqan lichinkalar ichak vorsinkalari orqali qonga, qon orqali o’pkaga, yo’tal tutganda u yerdan xalqumga chiqadi va yana yutilib ichakka tushadi, 2 — 2,5 oyda voyaga yetadi. Urg’ochi askarida har 2 — 2,5 oyda tuxum qo’ya boshlaydi. Askaridalar askaridoz deb ataladigan xavfli kasallikni paydo qiladi. Ichakdagi askaridani tushirish maqsadida surgi dorilar va antigelmintlar ishlatiladi. Askarida tuxumini yuqtirmaslik uchun sanitariya va gigiena qoidalariga qat’iy rioya qilish lozim. Askaridalar parrandalar (tovuq, kurka, kaptar va boshqalar) da ham uchraydi. Bunda kasallangan tovuqlarning tuxum qilishi kamayadi, o’sishi sekinlashadi. Davosi: don bilan piperazin tuzi qo’shib beriladi, nilverm, panakur va boshqa preparatlar qo’llaniladi. Oldini olish: kasallik tarqalgan xo’jaliklarda degelmintizasiya o’tkaziladi (oyda bir marta), go’ng biotermik zararsizlantiriladi va bosqa chora-tadbirlar qo’llaniladi.