Hazrati Imom maqbarasi
Hazrati Imom maqbarasi -Shahrisabzdagi me’moriy yodgorlik (14- asr). Dorus-siyodat me’moriy yodgorligi tarkibidagi Jahongir Mirzo maqbarasi Hazrati Imom maqbarasi nomi bilan mashhur. Dastlab sardoba, keyinroq ustiga to’rtburchak tarhli ziyoratxona tiklangan, tashqi tomonda kichik peshtoq ham bo’lgan. Hazrati Imom maqbarasi yangi madrasa peshtog’i bag’rida qolib ketgan, maqbara qaddini rostlash uchun ziyoratxona tepasi qo’shimcha devor orqali ancha baland ko’tarilgan va ustiga yangi kulohsimon cho’qqi gumbaz o’rnatilgan. Arxeologik tadqiqotlar vaqtida maqbaradan 3 ta jasad topilgan. Sharafuddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»sida Keshda yashagan Buxoro va samarqandlik mashhur imomlar orasida Hazrati Imom nomi bilan mashhur Abu Muhammad al-Kashshiyni tilga olgan. Amir Temur ajdodlari xilxonasi yaqinida shu imomning qabri bo’lgan (lekin qabr saqlanmagan). Hazrati Imom nomi yangi bunyod etilgan oliy madrasa — dor Ussiyodat qoldiqlariga ko’chib qolgan.