Hayvonlar, hayvonot dunyosi

Hayvonlar, hayvonot dunyosi (Ashtana) — organik olam sistemasidagi yirik bo’limlardan biri. Hayvonlarning bundan 1 — 1,5 milliard yil ilgari okean suvida mikroskopik, xlorofillsiz amyobasimon xivchinlilar shaklida paydo bo’lganligi taxmin qilinadi. Hayvonlarning eng qadimgi qazilma qoldiqlari yoshi 0,8 milliard yildan oshmaydi. Ko’p hujayrali Hayvonlar — bo’shliqichlilar, chuvalchanglar, tuban bo’g’im-oyoqlilarnpnt dastlabki qoldiqlari so’nggi kembriy qatlamlaridan boshlab (miloddan 690— 570 million yil avvalgi) uchraydi. Kembriy davri boshlarida (miloddan 570-490 million yil avval) tashqi mineral skeletli (chig’anoqli yoki xitinli) dengiz umurtqasizlarining ko’pchilik guruxlari (trilobitalar, jabraoyoqlilar, mollyuskalar, arxeotsiatlar) rivojlangan. Kembriyning oxirida tashqi skeletga ega bo’lgan umurtqasizlar (to’garak og’izlilartsht qadimgi ajdodlari) kelib chiqqan. Silurda (miloddan 445-400 million yil avvalgi) Hayvonlar o’simliklar bilan bir vaqtda quruqlik yuzasini egallay boshlaydi. Silurning keyingi davrida, dastlabki chayonlar, devon oxiridan boshlab (miloddan 400— 345 million yil avval) dastlabki quruqlikda yashovchi umurtqalilar — suvda hamda quruqlikda yashovchilar rivojlangan. Karbon davrida (miloddan 345-280 million yil avval) quruqlikda umurtqasizlardan hasharotlar, umurtqalilardan tuban tuzilishga ega bo’lgan sudralib yuruvchilar va suvda hamda quruqlikda yashovchilar, Mezozoyning trias, yura va bo’r davrlarida (miloddan 230-66 million yil avval) sudralib yuruvchilar hukmronlik qilgan. Trias o’rtalarida (miloddan 230-195 million yil avval) Dinozavrlar, bu davr oxirida sut emizuvchilar kelib chiqqan. Qushlar yura davrining oxiridan (miloddan 195— 136 million yil avval) ma’lum. Bo’r davrining oxiriga kelib (miloddan 136— 66 million yil avval) ko’pchilik dengiz umurtqasizlari, dengiz va quruqlikda yashovchi sudralib yuruvchilar, jumladan. dinozavrlar qirilib ketadi; ular o’rnini qushlar va sut emizuvchilar egallaydi. Hayvonlar — geterotrof organizmlar, ya’ni ular tayyor organik moddalar bilan oziqlanadi. Hayvonlarda metabolizm faol kechishi tufayli ularning o’sishi cheklangan. Evolyutsiya jarayonida har xil organlar funktsional sistemasi: muskul, ayirish, nafas olish, qon aylanish, jinsiy va nerv sistemalarining shakllanishi Hayvonlar uchun xos bo’lgan eng muhim xususiyatlardan hisoblanadi. Hayvonlar hujayrasi qattiq tsellyuloza qobiqning bo’lishi bilan o’simliklardan farq qiladi. Biroq Hayvonlar bilan o’simliklar o’rtasidagi farq nisbiy. Masalan, bir hujayrali hayvonlarning muskul, nerv va boshqa sistemalari bo’lmaydi; ko’p hujayrali hayvonlar orasida ham o’troq yashaydiganlari ko’p (masalan, g’ovaktanlilar, bo’shliqichlilar, mshankalar, assidiyalar, ko’p tukli chuvalchanglar). Ayrim organizmlarni oziqlanish usuli (fotosintez) va harakatlanishiga binoan bir vaqtning o’zida Hayvonlarga ham, o’simliklarga ham kiritish mumkin (masalan, evglenasimonlar, volvokslar va boshqalar). Hayvonlar bilan o’simliklar o’rtasida keskin chegaraning bo’lmasligi ularning kelib chiqishidagi umumiylik bilan bog’liq. Hayvonlar va o’simliklarning hujayralardan tuzilganligi, ular tanasida boradigan moddalar almashinuvi jarayonining umumiyligi, irsiyat va o’zgaruvchanlik qonuniyatlarining o’xshashligi va boshqalar ana shundan dalolat beradi. Hayvonlar hujayraviy tuzilishga binoan bir hujayra va ko’p hujayralilarga ajratiladi. Bir hujayralilarda bitta hujayraning o’zi tirik organizm uchun xos bo’lgan deyarli barcha xususiyatlarga ega. Tuban ko’p hujayralilar — plastinkasimonlar tanasi bir necha funktsiyani (harakatlanish, qoplash, oziqlanish) bajaradigan, kam ixtisoslashgan hujayralardan iborat. G’ovaktanlilar, bo’shliqichlilar, taroqlilar tanasi 2 qavat (ektoderma va entoderma) bo’lib joylashgan nisbatan ixtisoslashgan hujayralardan iborat, lekin to’qima va haqiqiy organlar shakllanmagan; birmuncha murakkab tuzilgan. Hayvonlar to’qima va organlari ontogenezda 3 ta murtak varaqlari (ektoderma, endoderma va mezoderma) hisobidan hosil bo’ladi. Masalan, ektodermadan nerv sistemasi. sezgi organlari, teri va uning hosilalari; Endodermadan ichak, nafas organlari, sekretsiya bezlari; mezodermadan suyak, muskul, qon aylanish, ayirish sistemasi organlari shakllanadi. 3 qavatli Hayvonlar birlamchi og’izlilar (halqali chuvalchanglar, mollyuskalar, bo’g’imoyoqlilar) va ikkilamchi og’izlilar (ignatanalilar, xordalilar)ga ajratiladi. An’anaga ko’ra barcha Hayvonlar umurtqasizlar (ko’pchilik Hayvonlar) va umurtqalilar (xordalilar)ga bo’linadi. Tuzilishi va o’zaro filogenetik bog’lanishiga binoan hayvonot dunyosi kenja dunyo, tip, sinf va boshqa taksonlarga ajratiladi. Odatda, hayvonot dunyosi 16-25 (ba’zan 10-33 ta) tipga ajratiladi. Ayniqsa tuban tuzilgan umurtqasizlarni sistemaga solishda ko’p chalkashliklar mavjud. Masalan, 20-asrning 60-yillarigacha bir hujayralilar faqat bitta tip sifatida o’rganilgan bo’lsa, hozirgi davrda bir necha (5-7 ta) tipga ajratiladi. Barcha ko’p hujayralilar tiplari bitta ko’p hujayralilar kenja dunyosiga, bir hujayralilar esa bir hujayralilar kenja dunyosiga kiritiladi. Hayvonlarning 1,5 million (boshqa ma’lumotlarga ko’ra 3-4,5 million) turi ma’lum. Yer yuzida Hayvonlar yaxshi o’rganilmagan. Har yili to’garak chuvalchanglar, hasharotlardan yuzlab yangi turlar ko’rsatib berilmoqda. Aniqlangan Hayvonlarning 2/3 qismini hasharotlar tashkil etadi. Tabiatda va odam hayotida Hayvonlar katta ahamiyatga ega. Hayvonlar — barcha ekosistemalarda oziqlanish zanjirining asosiy tarkibiy qismi. Hayvonlar o’simliklar bilan oziqlanib, o’zlashtirgan moddalarining yana tuproqqa qaytarilishiga, binobarin o’simliklarning o’sishiga imkon beradi. O’simlik va Hayvonlar qoldig’i bilan oziqlanadigan Hayvonlar Yer yuzini organik qoldiqlardan tozalab, tabiiy sanitarlik vazifasini bajaradi. Yirtqich Hayvonlar tabiatda zararkunanda Hayvonlarning sonini cheklab turishga yordam beradi. Hayvonlar odam hayotida ham katta ahamiyatga ega. Ulardan bir qancha turlari ovlanadi; uy hayvonlari go’sht, sut, jun, teri va boshqa qishloq xo’jalik mahsulotlari olish maqsadida va transport vositasi sifatida boqiladi. Hayvonlar orasida qishloq xo’jalik, odam va Hayvonlarga ziyon keltiradigan parazit turlari ham ko’p. Odam faoliyatining tabiatga ta’siri tobora kuchayib borishi bir xil turlar sonining keskin qisqarib ketishiga olib keldi. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra hozirgi davrda har kuni Hayvonlarning bitta turi yo’qolib bormoqda. Hayvonlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish maqsadida deyarli barcha mamlakatlarda qonunlar qabul qilingan; maxsus qo’riqxonalar tashkil etilgan. O’zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga 184 hayvon turi kiritilgan. Ad.: Jiznjivotnmx, t. 1-6, M., 1968— 1971; Mavlonov O., Xurramov Sh., Umurtqasizlar zoologiyasi, T., 1998. Ochil Mavlonov.