Hajviya

Hajviya — badiiy adabiyot turlaridan; satira va yumor. Hajviy asarlar tanqidiy ruhda bo’ladi. O’tmishda Sharq xalqlari, shu jumladan, o’zbek adabiyotida, asosan, she’riyat va folklorda mustaqil janr sifatida rivojlangan. Ularda jamiyat hayotining, shuningdek, ayrim guruh yoki shaxslarning aksariyat yomon tomonlari tasvirlanadi. Hajviyada tanqid qilinuvchi ob’ektga qaratilgan kinoyaviy masxaralovchi yoki fosh etuvchi kulgi asarning g’oyaviy mundarijasini va badiiy vositalarini belgilaydi. Hajviya turli janrlarda yozilishi mumkin. Masalan, «O’lik jonlar» (N.V.Gogol) hajviy roman shaklida, «Maysaraning ishi» (Hamza), «so’nggi nusxalar» (A.Qahhor) hajviy pyesa shaklida, «yovuz niyatli kishilar» (A.Chexov), «Sudxo’rning o’limi» (S.Ayniy), «Qabrdan tovush» (A.Qahhor) hajviy hikoya shaklida, «to’yi Iqon Bachcha» (Muqimiy), «Hajvi Yikchi eshon» (Zavqiy) hajviy she’r-shaklida, «bizning mulohazalarimiz» (A.Qahhor) hajviy feleton shaklida yozilgan. Hajviy asarlarda voqeani bo’rttirib tasvirlash, mubolag’a va fantaziyadan keng foydalanish xarakterli. Hajviya jamiyat hayotidagi ayrim illatlarni yo’qotishga, kamchiliklarni tuzatishga, oldini olishga xizmat qiladi.