Halol va harom
Halol va harom – ijobiy yoki salbiy deb baholanadigan diniy, axloqiy-huquqiy normalar. Halol («erkin», «bog’lanmagan») — shariatda musulmonlar uchun ruxsat etilgan xatti-harakatlar va ishlar, toza va pok hisoblangan oziq-ovqatlar. Qur’on va hadisga ko’ra, suv, sut, non, meva va uning sharbatlari, poliz ekinlari, Allohning ismi aytib so’yilgan halol hayvonlar va halol qilingan taomlar, kiyishga ruxsat berilgan kiyimlar haloldir. Halol mehnatdan topilgan mulk, meros, hadya qilingan narsa, ikki tomon roziligi bilan bo’lgan tijorat tufayli qo’lga kiritilgan mablag’ halol bo’ladi. Shariatda halol hisoblangan narsani harom degan odam kofir hisoblanadi. Harom («man qilingan», «taqiqlangan») — shariatda musulmonlar uchun qat’iy taqiqlangan xatti-harakatlar, ishlar, yeyish man qilingan oziq-ovqatlar. Halolning ziddi. Islom diniga ko’ra, nohaq odam o’ldirish, araq va boshqa mast qiluvchi ichimliklar ichish, cho’chqa go’shti yeyish, o’limtik hayvonlar go’shti, Allohning ismi aytilmay so’yilgan hayvonlar go’shti, qimor, o’g’irlik, yolg’on gapirish, birovning haqqini yeyish, odamlarni haqorat qilish, ularga yomon nom qo’yish, orqasidan g’iybat qilish, tuhmat, girromlik, fohishalik, zinokorlik, o’z so’zini, ichgan qasamini buzish, sudxo’rlik, poraxo’rlik, shariat man qilgan yo’l bilan qilingan savdo-sotiqdan topilgan har qanday mol-mulk va shu kabilar haromdir. Foydalanish harom etilgan, istifoda qilgan kishiga faqat zarar beradigan o’simliklarni ekish, parvarish qilish (u narsadan o’zi foydalanmasa ham) halol bo’lmaydi. Shariatda harom ishlarga odatlangan odam gunohkor bo’lish bilan birga hayotda xorlik, sharmandalik, qashshoqlik va tuzalmas og’ir kasallikka giriftor bo’lishi ta’kidlanadi. Keng ma’noda — axloqshunoslikning tushunchalari bo’lib, jamiyat a’zolari zimmasiga yuklatilgan axloqiy-huquqiy talablarning vijdonan bajarilishini yoxud shaxsiy yoki guruh manfaatlarini ko’zlab oshkora yo pinxona buzilishini anglatadi.