Paradoks

Paradoks (Yunoncha paradoxos — kutilmagan, g’alati) — ko’pchilik tomonidan kabul etilgan an’anaviy fikr, tajribaga o’z mazmuni yoki shakli bilan keskin zid bo’lgan, kutilmagan mulohaza, muhokama. Har qanday Paradoks «shubhasiz to’g’ri» (asoslimi, asossizmi, bundan qat’i nazar) hisoblangan u yoki bu fikrni inkor etishdek ko’rinadi. «Paradoks» terminining o’zi ham dastlab antik falsafada har qanday g’alati, original fikrni ifodalash uchun ishlatilgan. Mantiqda Paradokslar formal mantiq qoidalariga rioya qilib fikr yuritishda ba’zan yuzaga keladi. Mantiqda Paradokslarni haqiqatdan chekinish, deb bilish o’rinlidir. Shuning uchun antinomiya, aporiya, ziddiyatni Paradoksning sinonimlari deb hisoblash mumkin. Paradoks bir-birini istisno qiluvchi ikki fikrni bab-baravar isbot qilish mumkinligini bildiradi. Mantikiy Paradokslar, odatda, mantiqiy asoslari to’la aniqlanmagan nazariyalarda uchraydi. Ilmiy muhokamada Paradoks paydo bo’lishining asosiy sababi inson bilish jarayonining murakkab dialektik xarakterga egaligi va bunda shakl va mazmunning o’zaro ziddiyatli munosabatda bo’lishidadir. Paradokslarni bartaraf etishning universal yo’li yo’q. Mantiq va matematikada ayrim Paradokslarni bartaraf qilish usullari ishlab chiqilgan.