Hindiston xalq qo’zg’oloni

Hindiston xalq qo’zg’oloni, sipohiylar qo’zgoloni — hind xalqining ingliz mustamlakachilariga qarshi ozodlik harakati (1857— 59). Qo’zgolonning asosiy harbiy yadrosi armiya bo’lgani bois uni sipohiylar qo’zg’oloni deb ham atashadi. Unda mamlakatning turli tabaqalariga mansub aholi — dehqonlar, hunarmandlar va zodagonlar ishtirok etgan. Ingliz mustamlakachilari Hindistonni zabt etgach, unda mahkam o’rnashib olish uchun armiyaga mahalliy aholini jalb qila boshlaganlar. Sipohiylar deb atalmish hind askarlari tarkibida hindular, musulmonlar va sikhlar mavjud edi. Sipohiylar armiyasining asosiy vazifasi mustamlakachilarning manfaatlarini qo’riqlash, shuningdek, xalq harakatini bostirishdan iborat edi. Inglizlar sipohiylardan qo’shni mamlakatlarga qarshi yurishlarda foydalanganlar, bu yurishlarda ko’p hind askarlari halok bo’lgan. Inglizlar sipohiylarni moddiy, ma’naviy jihatdan kamsitganlar. Ularning maoshi ingliz askarlarinikidan ancha kam bo’lgan, arzimagan bahona bilan ularni qattiq jazolaganlar. Shu sabablarga ko’ra, sipohiylarning sabr kosasi to’la boshlagan. Hindular sigirni muqaddas deb bilib, uning go’shtini iste’mol qilmas, musulmonlar uchun cho’chqa harom hisoblangan. Sipohiylar ishlatadigan miltiq o’qlari sigir va cho’chqa yog’i bilan moylangan, bu hol qo’zg’olon chiqishining asosiy bahonalaridan biri bo’lgan. Hind xalqining deyarli barcha tabaqalarida 19-asr o’rtalarida inglizlarga qarshi norozilik kuchaygan. Sipohiylarning dastlabki chiqishi 1857 yil 10 mayda Mirut shahrida boshlangan. Bengaliya va Panjob o’rtasidagi hudud qo’zg’olonning markazi bo’lgan. Ularning 3 polki aholi va mahalliy sipohiylar yordamida Dehli qal’asini egallagan. Qo’zg’olonchilar Boburiylar sulolasi hukmronligi tiklanganligini e’lon etgan va Bahodirshoh II ni Hindistonning hukmdori sifatida mamlakatni ozod qilish uchun kurash chaqirigiga qul qo’yishga majbur qilgan. 2 hafta ichida butun shim. Hindiston qo’zg’olonchilar qo’liga o’tgan. Kanpur va Lakhnauda qo’zg’olonchilar katta qo’shini yig’ilgan. Bu 3 qo’zg’olon markazida alohida-alohida mustaqil hukumatlar tuzilgan. Dehlida Bahodirshoh II hukumatidan tashqari sipohiylar va shaharliklardan iborat oliy ma’muriy kengash — jalsa tuzilgan. Dehlidagi qo’shinlarga jalsa a’zosi Baxtxon qo’mondonlik qilgan. Lekin Dehli va Lakhnaudagi saroy amaldorlaridan tuzilgan hukumat a’zolarining bir- biri bilan kelisha olmasligi tufayli, qo’zg’olonchilar o’rtasida nizolar bo’lib turgan. Kanpurdagi hukumat boshqaruv apparatini tuzgan, qo’shin va aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash choralarini ko’rgan. Inglizlar Bengaliya va Panjobni o’z qo’llarida saqlab qolgan. Bu hududdagi qo’zg’olonlarni, Dekandagi sipohiylarning chiqishlarini tezda bostirgan. Madras va Bombeydagi sipohiylar qo’shinlarini o’z tobeliklarida saqlab qolgan. Kalkuttada yirik qo’shin to’plagan bosqinchilar 1857 yil may oxirida Gang daryosi bo’ylab hujumga o’tgan; iyunda Banoras va Ollohobodni egallagan. Kanpurdagi Nana Sohib qo’shiniga 15-16 iyulda qattiq zarba bergan. 4 oylik qamaldan keyin 19 sentabrda Dehlini qo’lga kiritgan. Bahodirshoh II ni Rangunga surgun qilgan. Lakhnau ham 1858 yil 19 martda taslim bo’lgan. Shundan so’ng partizanlik harakati boshlangan. Tantia Topi Jhansi hokimasi Lakshmi Bai bilan birga Kalpi, Kanpur va Gvalior atroflarida urush olib borgan. Angliya qirolichasi Viktoriyaning qo’zg’olonda ishtirok etgan barcha zodagonlarni avf etganligi to’g’risidagi manifesti e’lon etilgan (1858.1.11). Natijala zodagonlar qo’zgolondan chetlashgan. Partizanlar harakati 1859 yil aprelda bostirilgan. Qo’zgolonchilar vahshiena jazolangan. Hindiston xalq qo’zg’olonida ingliz mustamlakachilarining har tomonlama qo’li baland kelgan. Ular iqtisodiy, siyosiy-ijtimoiy va harbiy jihatdan hind qo’shinlaridan ustunligi sababli qo’zg’olonchilar mag’lubiyatga uchragam. Qo’zgolon yengilsala, inglizlar Hindistondagi siyosatlarini o’zgartirishga majbur bo’lgan. Ost-Indiya kompaniyasi tugatilgan, Hindiston bevosita Angliya hukumatining nazoratiga o’tgan. Ad..Osipov A.M., Velikoe vosstanie v Iplii, 1X57-1859, M.. 1957; G’issov T.G’., Hindistonning yangi tarixi, T.. 1999. Temur G’iyosov.