ASPARUX

ASPARUX (Isperix, Ispor, Aspirek) (? — 701) — qadimgi turkiyzabon bulg’orlar xoni (643 — 701), ilk slavyan-bolgar davlati (681 — 1018) asoschisi. Asparux bulg’or qabilalari Ittifoqi yo’lboshchisi Kubratxon (Qorotxon) ning uchinchi o’g’li bo’lgan. Asparux ko’chmanchi bulg’orlarning bir qismi bilan Azov bo’yidan xazarlar tazyiqi ostida Bessarabiyaga, so’ngra Dunayning Vizantiyaga qarashli o’ng sohilidagi yerlarga o’tgan. 679 yil Meziya viloyatiga ko’chgan, mahalliy slavyanlar ustidan g’alaba qozongan, Dobruja va uning atrofidagi yerlarga yoyilib, hozirgi Shimoliy Bolgariyadagi yetti slavyan qabila ittifoqini va boshqa ayrim qabilalarni bo’ysundirib Vizantiya tan olishga majbur bo’lgan yagona, qudratli davlat barpo etgan (681).