Hindol Mirzo
Hindol Mirzo (1518 – Kobul -1551) — boburiylardan. Boburnnng 4-o’g’li. Onasi Dildor begim. Boburshoh Hindistonni fath qilishga kirishgan (Bahrani olgan) davrida shu farzandi tug’ilgan, shuning uchun «Hindni ol!»ramziy ma’nosida Hindol deb ism qo’ygan. Bobur hayotligida u Badaxshon hukmdori edi (1526-30). Humoyun taxtga o’tirgach, ukasi Hindol Mirzoga Mevat va Olur viloyatlarining hukmronligini bergan (1530-38). 1538 yil Boburiylar o’rtasidagi ichki nizolardan foydalangan Shershoh Bihar, Junpur va Kanaujgacha bo’lgan yerlarni bosib olgan. Shu asnoda Hindol Mirzo Humoyunshohga qarshi bosh ko’targan va Agra shahrini bosib olgan hamda o’zini podshoh deb e’lon qilgan. Biroq Komron Mirzo o’z qo’shini bilan kelib, Agrani Hindol Mirzodan tortib olgan. Ammo tez fursatda Shershoh Agra va boshqa shaharlarni birin-ketin bosib olgach, Komron Mirzo bilan Hindol Mirzo Kobulga qochishgan. 1544 yilda Humoyun Erondan qaytib kelgach, boshqa ukalari qatori Hindol Mirzoning ham gunohini kechirgan. Hindol Mirzo umrining oxirigacha Humoyunshohga sodiq qolgan. Hindol Mirzo she’riyatga qiziqqan, turkiy va forsiy tillarda g’azallar yozgan. 1551 yildagi «xandaq jangi»da Hindol Mirzo Komron Mirzo odamlari tomonidan yaralanadi va o’sha kuni olamdan o’tadi. Hindol Mirzoning jasadi Kobulda otasi Boburning maqbarasi yoniga dafn etilgan. 1607 yilda Jahongirshohfarmoniga binoan Hindol Mirzoning qabriga lavha o’rnatilgan. Ad.Fayziev T., Temuriylar shajarasi, T., 1995.