Hasip

Hasip — so’yilgan qo’y yoki qoramolning tozalangan ichagiga qiyma go’sht va guruch solib, suvda qaynatib pishirilgan taom. Ichakni ag’darib iliq suvda tuz ishqab bir necha bor yuviladi, bir necha soat qatiq, zardob yoki lavr yaprogi qaynatmasiga (2 soat) bostirib qo’yiladi. Ivitilgan ichak yana bir necha bor yaxshilab yuviladi, bir uchi ipda bog’lanadi va ichiga tayyor qiyma solinadi. Hasip uchun lahm go’sht, o’pka (taloq) go’sht qiymalagichdan o’tkaziladi, unga mayda chopilgan piyoz, yuvilgan guruch, tuz va murch sepib, suv quyib, yaxshilab aralashtirilib suyuq qiyma tayyorlanadi. Ichakning ochiq tomoniga voronka qo’yib, suyuq qiyma ichakka quyiladi, to’lgach uchi bog’lanib, qozondagi sovuq suvga solinadi, past olovda qaynatiladi. Qaynab chiqishi bilan Hasipning bir necha joyiga igna uriladi (aks holda yorilib ketishi mumkin) va 1 soatcha qaynatiladi. Tayyor Hasipni sovitib, eni 2-3 santimetr parraklarga, yaxshi qotmagan bo’lsa sal uzunroq (6-8 santimetrli) bo’laklarga bo’lib laganda yoki likoplarda ziralangan piyoz bilan birga dasturxonga tortiladi.