Oqchitir, qarg’atirnoq
Oqchitir, qarg’atirnoq (Euclidium syriacum) — butguldoshlarga mansub bir yillik begona o’t. Poyasi asosidan tarvaqaylagan, sershox, qattiq tuklar bilan qoplangan, bo’yi 10— 30 santimetr. Barglari bandli, cho’zinchoq, ketma-ket joylashgan, chetlari siyrak tishli, tukli. Gullari oq yoki oqish-sariq, bandsiz, poya uchida shoda to’pgul hosil qiladi. Mevabandi yo’g’on, mevasi — qo’zoq. Ildizi o’q ildiz. May — iyulda gullaydi va mevalaydi. Bir tupi 3 mingdan ortiq urug’tug’adi. Urug’idan ko’payadi. Urug’lari 4-18° haroratda ko’karadi. Mart — mayda, shuningdek, avgust —oktabrda nihol beradi. O’rta Osiyoda tarqalgan. Beda, sug’oriladigan va lalmi don ekinlari orasida uchraydi. Kurash choralari: gullagungacha o’toq qilinadi, pichanga ekilgan beda erta muddatlarda, begona o’t mevalari etilguncha o’riladi; g’alla ekinlariga 2,4=D tipidagi gerbitsidlar purkaladi va boshqalar.