Karvonsaroy

Karvonsaroy — karvonlar to’xtab, tunab o’tadigan rabot, saroy. Yaqin Sharq, O’rta Osiyo, Zakavkaze shaharlari savdo yo’lida barpo etilgan. Karvonsaroylar, odatda, o’rtada katta hovli, atrofi bir-ikki qavatli hujralar bilan o’ralgan, minorali qal’aband istehkom shaklida bo’lib, savdo manzillarida va shahardagi bozor (Tim, toq)lar qatoriga qurilgan. 9-18-asrlarda shaharlarning o’sishi va karvon savdosining kuchayishi natijasida Karvonsaroylar ko’plab bunyod etilgan. Arab sayyohlari Istahriy va ibn Xavqallarning ma’lumotiga ko’ra, 10-asrda savdo markazi hisoblangan Movarounnahrda 10 mingdan ortiq Karvonsaroylar bo’lgan. Temir yo’l va boshqa zamonaviy transport rivojlanishi natijasida Karvonsaroylar o’z ahamiyatini yo’qotgan.