Odam

Odam — barcha jonzodlarning eng yuqori pog’onasida turadigan mavjudot, ijtimoiy jarayonlar sub’yekti. Odam ijtimoiy mehnat asosida shakllangan tafakkur va nutqqa ega bo’lishi, mehnat qurollari yasashi va atrof muhitga faol ta’sir ko’rsata olishi bilan boshqa tirik mavjudotlardan farq qiladi. Odamni antropologiya fani o’rganadi. Odamning hayvonlardan farqi. Zoologiya sistemasiga ko’ra, hozirgi aqlli odam (Homo sapiens) turi xordalilar tipi, sut emizuvchilar sinfi, primatlar turkumiga kiritiladi. Bosh miyasining yirikligi, tirnoqlarining yassi bo’lishi, bosh barmoqlarining boshqa barmoqlarga qarama-qarshi qo’yilishi, skelet va organlarning tuzilishi, ona qornida rivojlanishi, rudiment va atavistik belgilarning o’xshashligiga binoan, odam odamsimon maymunlar oilasiga kiritiladi. Bundan tashqari, odam bilan odamsimon maymunlarning kasalliklari va parazitlari ham o’xshash. Odam odamsimon maymunlardan oyoqlarining qo’lga nisbatan uzunligi, umurtqa pog’onasida bo’yin, ko’krak, bel, dumg’aza egiklari va tovon gumbazining bo’lishi, chanoq suyagining kengayganligi, ko’krak qafasining oldingi tomondan yassilanganligi, oyoq barmoqlarining bir qator joylashganligi va boshqa morfologik belgilari bilan farq qiladi. Ma’noli nutqqa ega bo’lishi tufayli Odam bosh miya yarim sharlari po’stlog’ining nutq bilan bog’liq qismlari kuchli rivojlanadi; tovush hosil qiluvchi apparat Odam uchun o’ziga xos tuzilishga ega. Bosh skeleti miya qismining yuz qismiga nisbatan yirik bo’lishi, gavdasida junlarning yo’qolib ketishi ham Odam uchun xos belgi hisoblanadi. Odamning kelib chiqishi va tarixiy rivojlanishi to’g’risida turli fikrlar va nazariyalar mavjud. Odam bilan bog’liq qadimgi rivoyatlar va qadimgi diniy kitoblarga ko’ra, Odamato va Momohavo yer yuzidagi dastlabki odamlar bo’lgan. Zardushtiylik dinida Odam tabiatning bir bo’lagi, unda vujudga kelgan va yana unga qaytadi deyiladi. Islom diniga ko’ra, Xudo «o’zining eng erka va erkin bandasini tiriklik olamiga Sardor qilib yuborgan», ya’ni Odamni loydan o’zining yerdagi o’rinbosari (xalifasi) sifatida yaratib, unga o’z ruhidan jon ato etgan, unga aql-idrok bergan. Tabiiyot fanlarining rivojlanishi bilan Odamning paydo bo’lishi to’g’risida ilmiy fikrlar paydo bo’la boshladi. Frantsuz olimi J.Lamark birinchi bo’lib Odamning paydo bo’lishini umumiy tarzda tushuntirib berdi. Uning fikricha, Odam daraxtda yashashdan yerda yurishga o’tgan maymunsimon ajdodlardan kelib chiqqan. Ingliz olimi Ch.Darvin odamning paydo bo’lishi muammosini evolyutsion nuqtai nazardan talqin qilib, Odam bilan odamsimon maymunlar uzoq umumiy ajdodga ega ekanligini ko’rsatib berdi. Uning fikricha, antropogenezda ham biologik omillar, ya’ni yashash uchun kurash, irsiy o’zgaruvchanlik va tabiiy tanlanish amal qiladi. Lekin, ko’pchilik olimlarning fikricha, antropogenezda biologik omillar bilan bir qatorda ijtimoiy omillar (ijtimoiy hayot, ijtimoiy mehnat), ayniqsa, uning so’nggi bosqichlarida katta ahamiyatga ega bo’lgan. Tik yurishga o’tish Odam evolyutsiyasida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, chunki tik yurish tufayli qo’llar tayanch vazifasidan ozod bo’lib, mehnat qurollari yasab, uni ishlatadigan organga aylangan. Mehnat qurollarining paydo bo’lishi esa Odam tafakkurini kengaytirgan, uning tabiatga qaramligini kamaytirgan. Mehnat faoliyatining rivojlanishi bilan antropogenezda biologik omillar ta’siri kamayib ijtimoiy omillar ahamiyati orta borgan. Antropogenezda ijtimoiy hayot katta ahamiyatga ega bo’lgan. Odam ajdodlari azaldan tuda bo’lib yashashgan. Qo’l mehnat organiga aylana borishi bilan ular jamoa bo’lib yashashga o’tishgan, ya’ni birgalikda ovga chiqishgan, o’zlarini himoya qilishgan; bolalarini tarbiyalashgan, ularga hunar o’rgatishgan. Olovning kashf qilinishi, ovqatni pishirib yeyilishi Odam jag’suyaklari va chaynash muskullari vaznini kamaytirib, jag’larning harakatlanishini osonlashtirgan, nutqning rivojlanishi uchun imkon yaratgan. Ma’noli nutqning paydo bo’lishi esa Odam tafakkurini kengaytirgan; Odamlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarning tezlashuviga olib kelgan. Bu jarayonlar tufayli, bosh miyaning vazni, katta yarim sharlar po’stloq qismining sathi ortgan, natijada ong, tafakkur va nutq rivojlangan. Taxminlarga ko’ra, dastlabki Odamlar bundan 1-2 million yil ilgari, hozirgi Odam bundan 40 ming yil ilgari paydo bo’lgan. Odam evolyutsiyasining asosiy yo’nalishlari. Mezozoy erasida hasharotxo’rlar orasidan parapiteklar (maymunsimon hayvonlar) ajralib chiqqan. Ulardan keyinchalik yarim maymunlar, maymunlar va driopiteklar (daraxtda yashovchi maymunlar) kelib chiqqan. Iqlim sovib, o’rmonlarning siyraklashib borishi bilan driopiteklar yerda yashashga o’tishgan. Odam paydo bo’lishining 1-bosqichi maymunsimon hayvonlarning 2 oyoqda yurishga o’tishidan iborat. Bu bosqichda oldingi oyoqlar tayanch vazifasidan ozod bo’lib, qo’lga aylangan. Xuddi shu yo’l bilan avstralopiteklar (Janubiy maymunlar) kelib chiqqan. Ular bundan 3-5 million yil ilgari Janubiy va Sharqiy Afrika hamda Janubiy Osiyoda yashagan. Antropogenezning 2-bosqichi ongli ravishda mehnat quroli yasashga o’tishdan iborat. Eng qadimgi odam pitekantroplar (maymun Odamlar) bundan 1 million yil avval yashagan. Ular skeleti qoldiqlari Yava oroli, Afrika va Janubiy Yevropadan topilgan. Pitekantroplar tuda bo’lib, g’orlarda yashashgan; juda sodda tosh qurollar yasashgan; olovdan foydalanishgan. Ulardan keyinroq yashagan sinantroplar (Xitoy odami) va neandertallar tosh va suyakdan qurol yasashni bilishgan, hayvon terisini yopinib yurishgan. Ularning bosh miyasi pitekantroplarga nisbatan yirikroq bo’lgan. Neandertallar skeleti qoldiqlari dastlab Germaniyaning Neandertal daryosi yaqinidan, keyinchalik Afrika, Osiyodan, jumladan, Surxondaryo vodiysidagi Teshiktosh g’oridan topilgan. Neandertallar bundan 150 ming yil avval taxminan 100 kishidan iborat guruh bo’lib, g’orlarda yashashgan. Eng so’nggi neandertallar bundan 28 ming yil ilgari hozirgi Odamlar orasida yashagan. Ular imo-ishoralar va oddiy so’zlar yordamida muloqot qilishgan; tosh, suyak va yog’ochdan mehnat qurollari yasashgan. Neandertallar orasida dastlabki mehnat taqsimoti paydo bo’lgan, deb taxmin qilinadi. Hozirgi odamlar (kromanonlar)ning dastlabki vakillari bundan 30-40 ming yil avval paydo bo’lgan. Ular dastlab Frantsiya Janubdagi Kromanon qishlog’idagi g’ordan topilgan. Kromanonlar bo’yining balandligi (180 santimetr), miya qutisi hajmining kattaligi (160 sm3), peshonasining keng va tik bo’lishi, qosh usti bo’rtig’ining bo’lmasligi, iyagining rivojlanganligi bilan sinantrop va pitekantroplardan farq qiladi. Ular urug’ va jamoa bo’lib yashagan; boshpana qurishni, hayvonlar terisidan kiyim tikishni bilishgan; nutqi rivojlangan. Kromanonlar hozirgi Odamlar bilan birga aqlli Odam turiga kiradi. Aqlli Odam turi yer yuzida keng tarqalgan, lekin bir tekis tarqalmasdan, populyatsiyalar (irqlar)ni hosil qilgan. Kromanonlar davrida mehnat qurollarining yanada takomillashuvi sun’iy yashash muhitining yaratilishi tufayli Odam evolyutsiyasida biologik omillar ta’siri keskin kamayib, ijtimoiy omillar ta’siri kuchayadi. Antropogenez jarayonida serpushtlik kamayib, jinsiy balog’atga yetish sekinlashdi, bolalik davri va Odamning umri uzaydi. Hozirgi Odamning paydo bo’lishi bilan tabiiy tanlanishning tur hosil qilish funktsiyasi ham tugadi. Lekin Odam jismoniy tipining turg’unligi nisbiy bo’lib, tur doirasida morfologiya va funktsiyalar turli yo’nalishda o’zgarib turadi. Agar bu xildagi o’zgarishlar ontogenezning tezlashuvi bilan bog’liq bo’lsa, akseleratsiya deyiladi. Hozirgi davrda tibbiyot fanlarining rivojlanishi Odam organizmini klonlash va uning genofondini o’zgartirish bilan bog’liq bo’lgan ijtimoiy va etnik masalalarni o’rtaga tashlamoqda. Anatomo-fiziologik xususiyatlari. Odam gavdasi xam barcha xordalilar singari 2 tomonlama simmetriyaga ega bo’lib, bosh, bo’yin, tana, oyoq va qo’llarga bo’linadi. Bu bo’limlar ham yana tegishli qismlarga ajratiladi. Xususan, bosh bo’limi miya qutisi va yuzga, tana — ko’krak, qorin va orqaga, qo’l — yelka, tirsak, bilak va panjaga; oyoq — son, tizza, boldir va panjaga bo’linadi. Odam gavdasi bichimida yosh, jins va shaxsning o’ziga xos xususiyatlari namoyon bo’ladi. Masalan, erkaklar gavdasi nisbatan yo’g’on va yirik, chanog’i tor, yelkasi keng; ayollar gavdasi, aksincha, nozik, kalta, chanog’i yelkaga nisbatan kengroq bo’ladi. Gavda tuzilishining dolxomorf (daroz), braximorf (kalta), ular o’rtasida mezomorf (o’rta bo’y), astenik (novcha, xipcha, ozg’in), giperstenik (semiz, pakana), normostenik (normal) tiplari mavjud. Odam gavdasi teri bilan qoplangan. Teri organizmni himoya qiladi, ayirish va termoregulyatsiya funktsiyasida ham ishtirok etadi. Skelet tayanch funktsiyasini bajaradi, organizmga shakl berib turadi. Suyaklar, ularni tutashtirib turuvchi paylar hamda muskullar bilan birga tayanch-harakat sistemasini hosil qiladi. Odam skeleti kalla (miya qutisi, yuz), tana (umurtqa pog’onasi, qovurg’alar, to’sh), qo’l (yelka, bilak, tirsak, panja), oyoq (son, katta va kichik boldir, oyoq panjasi), yelka kamari (o’mrov, kurak) va oyoq kamari (chanoq) suyaklaridan iborat. Tayanch-harakat sistemasi tayanch, gavdani tik tutish, harakatlanish hamda himoya (miya qutisi, umurtqa pog’onasi, ko’krak qafasini hosil qiluvchi, chanoq suyaklari) funktsiyasini bajaradi. Kalla suyagi miya qutisi va yuz bo’limiga bo’linadi. Miya qutisi peshona, ikkitadan tepa va chakka, ensa, ponasimon va g’alvirsimon yuz suyaklari bir juftdan yuqori jag’ va yonoq, burun, kuz kosasi suyaklaridan iborat. Yuqori va pastki jag’lar tishlar bilan birgalikda og’iz bo’shlig’ini qosil qiladi. Kalla suyagining yuz qismida chaynash muskullari; ko’z, burun va og’iz atrofida mimika muskullari joylashgan. Umurtqa pog’onasi 33-34 ta umurtqadan iborat bo’lib, bo’yin (7 ta umurtqa), ko’krak (12), bel (5), dumg’aza (5), dum (4-5) bo’limlari bor. Dumg’aza va dum umurtqalari o’zaro harakatsiz, boshqa umurtqalar chala harakatchan qo’shiladi. Ko’krak umurtqalari, 12 juft qovurg’alar va to’sh suyagi ko’krak bo’shlig’ini o’rab turadigan ko’krak qafasini hosil qiladi. Ko’krak bo’shlig’i pastki tomondan diafragma orqali qorin bo’shlig’idan ajralgan. Ko’krak qafasi devori ichki tomondan yupqa plevra parda bilan, o’pka ham xuddi shunday plevra bilan qoplangan. Ko’krak bo’shlig’ida yurak, yirik qon tomirlari, o’pkalar, ularga keluvchi traxeya, bronxlar, qizilo’ngach joylashgan. Ko’krak qafasi devorining oldingi qismini ko’krak muskullari qoplab turadi. Ko’krakning chap va o’ng tomonida sut bezlari bo’ladi. Qovurg’alarning umurtqalar va to’sh suyagi bilan yarim harakatchan birikkanligi va qovurg’alar orasidagi muskullarning qisqarishi sababli ko’krak qafasining kengayishi va torayishi natijasida nafas olish sodir bo’ladi. Bel umurtqalari, keyingi qovurg’alar va chanoq suyagining oldingi uchiga qorinning serbar muskullari birikadi. Qorinning oldingi va yon devorlari muskullardan iborat. Bu muskullar ichki organlarni ushlab turadi va qorin pressini hosil qildi. Qorin bo’shlig’ini yuqoridan diafragma, pastdan chanoq suyagi chegaralab turadi. Diafragma ostida jigar va o’t pufagi, ulardan chaprokda osh-qozon va taloq, pastroqda ingichka ichak joylashgan. Ingichka ichakni o’ng, chap va yuqori tomondan yo’g’on ichak (chambar ichak) o’rab turadi. Qorin bo’shlig’i devorini ichki tomondan yupqa qorin pardasi qoplab olgan. Qorin bo’shlig’ining orqa tomonida, bel umurtqalarining 2 yonida bir juft buyrak joylashgan. Umurtqa pog’onasiga parallel ravishda uning chap tomonidan qorin aortasi, o’ng tomonidan pastki kovak vena o’tadi. Qorin bo’shlig’ining pastki qismi chanoq bo’shlig’iga aylangan. Unda qovuq, to’g’ri ichak va ichki jinsiy organlar (ayollarda bachadon, tuxumdonlar va naylar; erkaklarda prostata bezi, urug’donlar va urug’o’tkazuvchi naylar) joylashgan. Odam qo’lining juda murakkab harakatlar qilishga moslashganligi bo’g’imlarning tsilindrsimon, sharsimon, chig’irsimon harakatchan birikishi va ularni harakatga keltiradigan muskullarning xilma-xil tuzilishiga bog’liq. Embrional rivojlanishi. Ota va ona jinsiy qujayralarning qo’shilishi, ya’ni otalanishdan keyin hosil bo’lgan zigota 2 jinsning belgilariga ega bo’ladi. Zigota bo’linishga kirishishi bilan embrional rivojlanish boshlanadi. Urug’lanishdan so’ng 6 kun o’tgach, murtak bachadon bo’shlig’iga o’tib, uning shilliq pardasiga o’rnashib oladi. Embrion pardasi va bachadon devoridan yo’ldosh shakllanadi. Embrion kindik orqali yo’ldosh bilan tutashgan bo’ladi. Yo’ldosh orqali ona organizmi bilan embrion o’rtasida moddalar va gazlar almashinuvi sodir bo’lib turadi. O.ning ona qornida rivojlanishi o’rtacha 280 kun, ya’ni 9 oydan ko’proq davom etib, bola tug’ilishi bilan tugallanadi. Shu davrning dastlabki 8 haftasi murtaklik (embrion) davri, qolgan qismi xrmila davri deyiladi. Embrionlik davrida murtak pardalari hosil bo’ladi, yo’ldosh shakllana boshlaydi, bo’lg’uvsi homilaning to’qimalari va organlari shakllanadi; hatto ulardan ayrimlari ishlay boshlaydi (1-oy oxirida embrion yuragi ishga tushadi). Embrion bo’yi 2 millimetrga etganida uning o’q organi — xordasi va nerv sistemasining asosi bo’lgan nerv nayi yuzaga keladi. Bir vaqtning o’zida embrion varaklari xam shakllanib, ektodermadan nerv sistemasi, sezgi organlari, teri epiteliysi, ogiz bo’shlig’i va orqa ichak epiteliysi; mezodermadan yurak, kon tomirlari, skelet, muskullar, ayirish va jinsiy organlar; Endodermadan ovqat hazm qilish sistemasi, hazm bezlari, nafas organlari hosil bo’ladi. Rivojlanishning 5-haftasidan boshlab qo’l va oyoq, 7-haftada barmoqlar shakllana boshlaydi, 8-haftada embrion tashki ko’rinishdan Odamga o’xshaydi; bu davrda uning bo’yi 4 santimetr, og’irligi 4-5 gramm bo’ladi. 9-haftada embrion organlarining shakllanishi tugallanadi. Shu davrdan boshlab embrionlik davri tugallanib, homila davri boshlanadi. Homila tug’ilgandan so’ng Odam chaqaloqlik, go’daklik, bolalik, o’spirinlik, yetuklik, qarilik, keksalik davrlarini o’tadi. Bolalik davrining uzoq davom etishi, jinsiy balog’atga yetish davrida bo’yiga o’sishning tezlashuvi odam individual rivojlanishiga xos xususiyat hisoblanadi. Bolalik davrining Odam umriga nisbati 1:5 ga teng bo’ladi. Odamda jinsiy dimorfizm gavdaning umumiy o’lchami va ayrim qismlari proportsiyasida (ayollarda chanoqning, erkaklarda yelkaning kengligi), gavda ayrim qismlarining rivojlanishi (ayollarda teri osti yog’qavatining, erkaklarda skelet va muskullarning yaxshi rivojlanganligi hamda muskul tolalari va yog’ hujayralarining yirik bo’lishi)da namoyon bo’ladi. Ad.: Alekseev V. P., Stanovlenie chelovechestva, M., 1984; Mavlonov O., Biologiya, T., 2003; Ahmedov N., Sodiqova Sh., Normal anatomiya, normal fiziologiya, T., 2003. Karim Almatov, Ochil Mavlonov, Baxtiyor To’rayev, Muhsim Valixonov.