Odessa viloyati

Odessa viloyati — Ukrainadagi viloyat. 1932 yil 27 Fevralda tashkil etilgan. Ukrainaning Janubi-g’arbida joylashgan. Maydoni 33,3 ming km2. Aholisi 2566,8 ming kishi (1997), asosan Ukrainlar, shuningdek, rus, bolgar, moldavan, yaxudiy va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 26 tumanga bo’lingan; 14 shahar, 26 shaharcha bor. Markazi — Odessa shahri. Odessa viloyatining katta qismi qora dengiz bo’yi pasttekisligida joylashgan. Viloyat shimoliy qismida Podoliya qirlarining etaklari bor. Foydali qazilmalari: granit, gneys, ohaktosh. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi Janubda -2°, shimolda -5°, iyulniki shimoli-g’arbida 2G, Janubda 23°. Yillik yog’in 350-470 mm. Vegetatsiya davri 168-200 kun. Daryolari Kara dengiz havzasiga mansub. Asosiy Daryolari: Dunay, Dnestr (kuchurgan irmog’i bilan), Kodima va Savranka (Janubiy Bugning o’ng irmog’i). Dunay daryosining deltasi va Dnestr daryosining Ko’lob yerlari botqoqlangan. Yozda qurib qoladigan kichik daryo ham ko’p. Viloyatning yirik daryolari kema qatnovida, sug’orishda va gidro- energiya olishda katta xo’jalik ahamiyatiga ega. Dengiz sohiliga yaqin joylarda chuchuk va sho’r suvli ko’l ko’p. Tuprog’i, asosan, qoratuproq. Viloyat shimolda o’rmon (dub, qora qayin, shumtol, jo’ka) saqlanib qolgan. 25 ming gektardan ortiq o’rmon ihota daraxtzorlari bor. Kemiruvchilardan malla tovushqon, olaxurjun, yumronqoziq, qo’shoyoq, qushlardan qiron qora uchraydi. Daryolari baliqqa boy. Ondatra, qirg’ovul iqlimlashtirilgan. Asosiy sanoat tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik. Qishloq xo’jalik mashinalari (asosan, pluglar), programma bilan boshqariladigan stanoklar, texnologik va boshqa tarozilar, o’ziyurar va ko’tarma kranlar, kino va elektrotexnika apparaturasi, sovitkichlar, kimyo va poligrafiya sanoatlari uchun jihozlar ishlab chiqariladi. Odessa, Izmail, Kiliyada kema ta’mirlash zavodlari bor. Oziq-ovqat sanoatida yalpi sanoat mahsulotining 60% dan ortig’ini Odessa beradi. Yengil sanoat korxonalari (to’qimachilik, jut, movut, ko’n, poyabzal, tikuvchilik va boshqalar), aksari Odessa, Tatarbunari, Balta, Belgorod-dnestrovskiy, Bolgrad shaharlarida joylashgan. Qurilish materiallari sanoatida temir-beton buyumlar, tsement, g’isht, cherepitsa, ruberoid, devor plitalari, ohak va hokazolar ishlab chiqariladi. Kimyo sanoati, asosan, chetdan keltirilgan xom ashyoda ishlaydi va super-fosfat, linoleum, bo’yok,, plastmassa, polietilen plyonkalar ishlab chiqariladi. Tsellyuloza-qog’oz, qurilish materiallari sanoati ham rivojlangan. Qishloq xo’jalik yalpi mahsulotining 61,8% dehqonchilikdan, 38,2% chorvachilikdan olinadi. Qishloq xo’jaligida g’allachilik va sut-go’sht chorvachiligi yetakchi o’rinda. Tokchilik va bog’dorchilik ham rivojlangan. G’alladan tashqari texnika ekinlari, kartoshka, sabzavot va poliz, yem-xashak ekinlari ekiladi. Qoramol, cho’chqa, ko’y va echki, parranda boqiladi. Temir yo’l uzunligi 1039 kilometr, avtomobil yo’llari 8,7 ming kilometr. Dunay daryosida yuk tashiladi. Aeroport bor. Odessa viloyati hududidan Shebelinka — Odessa magistral gaz quvurining bir qismi o’tadi. 16 oliy o’quv yurti, 8 ilmiy tadqiqot instituti, Odessa astronomiya rasadxonasi va boshqa ilmiy muassasalar bor. Ommaviy kutubxonalar, 7 muzey, 6 teatr, klublar mavjud. Telestudiya faoliyat ko’rsatadi. Odessa viloyati hududida balneologik, balchiq bilan davolaydigan va iqlimiy kurortlar joylashgan.