Og’aliq

Og’aliq — Buxoro xonligidagi mansabdor shaxs; xon, Amir maslahatchisi. Shayboniylar davrida joriy etilgan. Xonlikdagi 4 beklik (Chorjo’y, Qarshi, Shahrisabz va kitob) uzoq, vaqt markaziy hokimiyatga bo’ysunmay kelganlari tufayli xonlik bilan bekliklar aholisi o’rtasida vositachilik rolini o’ynovchi Og’aliq mansabi ta’sis etilgan. Yurtning eng xurmatli, nufuzli oqsoqollaridan xalq yig’inlarida Og’aliq mansabiga tavsiya etilgan kishiga amirlik tomonidan maxsus yorliq berilgan. Og’aliq xonlik va xalq o’rtasidagi vakil hisoblanib, aholi turmushining barcha dolzarb masalalarini echish huquqiga ega bo’lgan. Viloyat va saltanat miqyosidagi eng muhim masalalarda ham Og’aliqqa murojaat qilingan. U xalq ommasini amaldorlarning turli tazyiqlaridan himoya qilgan. Og’aliqning eng asosiy vazifasi — xalq bilan bek va Amir o’rtasida murosachilik yuritish, fuqarolar kayfiyatidan xabardor bo’lish hamda sodir bo’lishi mumkin bo’lgan turli ko’ngilsiz tasodiflarni bartaraf etishdan iborat edi.