ASTRONOMIK BIRLIK

ASTRONOMIK BIRLIK – astronomiyada masofa birligi; Yerdan Quyoshgacha bo’lgan o’rtacha masofaga teng. Astronomik birlikni aniqlash uchun Quyoshning gorizontal parallaksi aniqlanishi lozim. Astronomik birlikning aniq qiymati yerga juda yaqin keladigan sayyoralarni kuzatish usuli (yoki boshqa usul) bilan topiladi. 20-asrgacha bu maqsadda Marsning buyuk ro’para turish vaqtlarida kuzatilgan natijalardan foydalanilar edi. Quyosh parallaksini Yerga juda yaqin o’tadigan ayrim kichik sayyoralarni kuzatish yo’li bilan aniqlashga urinish Eros kashf qilinganidan keyin boshlandi. 1930— 31 yillarda Eros Yerdan 22 million kilometr uzoqlikdan o’tdi. Oldindan tuzilgan dasturga ko’ra jahonning 24 rasadxonasida, shu jumladan, Toshkent rasadxonasida ham kuzatuvlar olib borilib, R»e=8.790″ga tengligi aniqlandi. 1961-63 yillarda sobiq Ittifoq va AQShda Merkuriy, Venera va Mars radiolokatsiya qilinishi natijasida Astronomik birlik hisoblandi. Astronomik birlikni butun olam tortishish qonunita asoslangan dinamik va yorug’lik tezligiga asoslangan fizik usullar bilan ham topish mumkin. Astronomik birlikning eng aniq qiymati (1 a.b.=149597870±2 km) avtomatik kosmik kemalar harakatini kuzatib topildi. Deyarli barcha astronomik hisoblashlarda 1 a.b.=149,6 million kilometr deb olinadi.